Toshkent shahar Sergeli tumanida elektrobus yoʻl chetini ajratib turuvchi panjaraga borib urildi. “Toshshahartransxizmat” holat yuzasidan izoh berdi.

Maʼlum boʻlishicha, shu yilning 19-fevral kuni soat 12:30 larda 12-avtobus saroyi filiali tasarrufidagi Yutong rusumli, 40-sonli yoʻnalishdagi elektrobus Yangi Sergeli koʻchasi boʻylab harakatlanib borayotgan vaqtda yoʻl chetini ajratib turuvchi panjaraga borib urilgan.

Dastlabki maʼlumotga koʻra, haydovchi Қ.Қ. (staji 33-yil)ning qon bosimining oshgani sababli boshqaruvni yoʻqotgan. Mazkur yoʻl-transport hodisasi natijasida tan jarohati olganlar yoʻq. Faqat Yutong rusumli elektrobus texnik shikastlangan. Haydovchi esa shifoxonaga olib ketilgan.

Holat yuzasidan qoʻshimcha maʼlumot taqdim etilishi maʼlum qilindi. Hozirda ushbu yoʻl-transport hodisasi Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan rasmiylashtirilib, surishtiruv ishlari olib borilmoqda.