Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va tadbirkorlik uchun ma‘muriy to‘siqlarni kamaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Bu boradagi navbatdagi qadam — Elektron tijorat operatorlari faoliyatini boshlash va tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom bo‘ldi. Hujjat Adliya vazirligida 2026-yil 19-avgustda 3927-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Nizom uch toifa elektron tijorat operatoriga taalluqli: elektron savdo platformasi operatori, buyurtmalar agregatori operatori hamda raqamli striming xizmati operatori.

Faoliyat xabarnoma asosida boshlanadi

Yuridik shaxslar faoliyatni boshlash uchun maxsus axborot tizimi orqali OneID yordamida Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga elektron xabarnoma yuboradi.

Xabarnomani 24/7 rejimida, dam olish va bayram kunlaridan qat‘i nazar yuborish mumkin.

Hujjatlar faqat elektron shaklda

Xabarnoma uchun zarur ma‘lumotlar va hujjatlar elektron shaklda taqdim etiladi. Hujjatda nazarda tutilmagan qo‘shimcha hujjatlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Faoliyatni to‘xtatib turish va qayta tiklash

Operator tomonidan belgilangan talab va shartlar buzilgan taqdirda, vakolatli organ faoliyatni 10 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turishi mumkin.

Kamchiliklar bartaraf etilgach, taqdim etilgan ma‘lumotlar besh ish kuni ichida tahlil qilinadi. Belgilangan muddatda qayta tiklash yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilinmasa, faoliyat qayta tiklangan hisoblanadi.

Ixtiyoriy tugatish — soddalashtirilgan tartibda

Operator faoliyatini ixtiyoriy ravishda tugatishda soddalashtirilgan tartib joriy etiladi. Shaxsiy kabinet orqali xabarnoma yuborishning o‘zi kifoya, qo‘shimcha hujjatlar talab etilmaydi.

Nazorat va ochiq reyestr

Operatorlar faoliyati masofaviy monitoring, joyiga chiqqan holda tekshirish hamda statistik va boshqa axborotlarni tahlil qilish orqali nazorat qilinadi.

Elektron tijorat operatorlari to‘g‘risidagi ma‘lumotlar xabarnomalar reyestriga kiritiladi. Reyestrdagi ma‘lumotlar vakolatli organning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi va ochiq hisoblanadi.

Xulosa o‘rnida

Yangi nizom elektron tijorat operatorlari uchun bozorga kirish va undan chiqish yo‘lini xabarnoma tartibiga o‘tkazadi. 24/7 rejim, elektron hujjat almashinuvi va qo‘shimcha hujjat talab qilish taqiqi ma‘muriy yukni kamaytiradi. Ochiq reyestr esa operator to‘g‘risidagi ma‘lumotni tekshirish imkonini beradi.

 

Abdirasulov Abdilaziz,
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi