Elektron tijoratni rivojlantirish Milliy strategiyasini ishlab chiqish bugungi kun talabi

    Raqamlashtirish 2 Avgust 2021 1323

    Oʻzbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish Milliy strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha ishlar boshlab yuborildi.

    Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi binosida “Ready4trade” grant loyihasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasida elektron tijoratni rivojlantirish Milliy strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha Ishchi guruhning 1-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Tadbir UNCTAD/WTO Xalqaro savdo markazi (Shveysariya) va respublikaning tegishli vazirlik va idoralar bilan yaqin hamkorlikda tashkil etildi.

    Tadbirning ochilish marosimida Ishchi guruh rahbari – investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʻrinbosari B.Raximov va UNCTAD/WTO xalqaro savdo markazining Tadqiqotlar va eksport strategiyalari departamenti maslahatchisi O.Xomula soʻzga chiqdi.

    Tadbir davomida Ishchi guruh aʼzolari hamkorlikda olib boriladigan ishning ustuvor yoʻnalishlarini aniqlab, yaqin istiqboldagi amaliy tadbirlar rejasini tuzdilar. Xususan, dastlabki bosqichda mamlakatning elektron tijorat ekotizimi chuqur tahlil qilinadi.

    Shuningdek, Markaz delegatsiyasi Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida mamlakatning tegishli vazirlik va idoralar rahbariyati bilan bir qator uchrashuvlar oʻtkazdi. Ularda elektron tijoratni milliy darajada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olindi hamda ushbu yoʻnalishda davlat va xususiy sektor oʻrtasida inklyuziv muloqotning ahamiyati qayd etildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: “Ready4Trade” loyihasi Markaziy Osiyoning 5 ta mamlakatida mintaqalararo va xalqaro savdoni transchegaraviy talablarning shaffofligini oshirish va transchegaraviy elektron tijorat faoliyatini takomillashtirish orqali rivojlantirishga qaratilgan shuningdek, biznesni xalqaro savdo va standartlar talablarini bajarishda qoʻllab-quvvatlaydi. Loyiha UNCTAD/WTO Xalqaro savdo markazi tomonidan milliy hamkorlar bilan birga amalga oshiriladi. Loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladi.