Jumladan, ushbu qarorga koʻra, 2021-yil 1-iyundan boshlab Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tuzilmalariga amaldagi shtat birliklari doirasida boshliqning raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklik boʻyicha oʻrinbosari lavozimi joriy qilinadi.
Bunda ushbu lavozimlarga tayinlanayotgan shaxslarning avvalgi davlat tashkilotlaridagi ish joyi boʻyicha oylik ish haqi miqdori yuqori boʻlgan taqdirda, ularning avvalgi ish joyi boʻyicha oylik ish haqi miqdori saqlab qolinadi.
Shuningdek, har bir oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika hamda tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasida elektron tizim bilan ishlaydigan bir nafardan IT operator – hamshira lavozimi kiritiladi.
Bunda, ushbu lavozimlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-maydagi “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi PF–6221-son Farmoniga muvofiq ajratilayotgan shtat birliklari hisobidan shakllantiriladi.
Bundan tashqari, boshqa tuman (shahar) hamda barcha viloyat va respublika davolash-profilaktika muassasalarida ularning amaldagi shtat birliklari doirasida IT operator – hamshira lavozimi kiritiladi.
Ushbu hamshiralar hamda boshqa sogʻliqni saqlash tizimi xodimlarining kompyuter savodxonligini oshirish maqsadida ularni oʻqitish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi hamda tuman (shahar) IT markazlarida bepul oʻqitish mashgʻulotlari tashkil etiladi.