O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyulda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  qaroriga ko‘ra elektron QR-kodli yo‘llanma asosida davolangan imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga sarflangan xarajatlar ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlarni asoslovchi hujjatlarga muvofiq Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi.

Ayni vaqtda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi 14 ta Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, 11 ta Respublika tibbiyot muassasasi, 41 ta hududiy tibbiyot muassasasi va 22 ta nodavlat tibbiyot tashkilotlari bilan imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarni davolash xarajatlarini qoplash bo‘yicha shartnoma imzolagan.

Shuningdek, Jamg‘arma shartnoma asosida Sirdaryo viloyatida 175 ta, Toshkent shahrida 160 ta tibbiyot muassasasida ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar xaridini amalga oshirmoqda.

Sohada amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar hamda jamg‘arma tomonidan hududlarda joylashgan 41 ta tibbiyot muassasasi bilan shartnoma tuzilishi natijasida bemorlarning poytaxtga kelib, ovora bo‘lishlariga aslo hojat qolmayapti. Eng noyob turdagi murakkab jarrohlik amaliyotlari viloyat markazlarida, qolaversa tumanlarda ham o‘tkazilish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bemorlarning uzog‘i yaqin, mushkuli oson bo‘lmoqda.

Shartnoma tuzgan tibbiyot tashkilotlari orasida Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi ham bo‘lib, 2023-yilning olti oyida davolangan imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga sarflangan xarajatlarni qoplash uchun byudjet mablag‘laridan 1,55 milliard so‘m to‘lab berildi. 505 million so‘mlik xarajatlarni qoplash esa rad etildi. Negaki, davlatimiz rahbarining yuqoridagi qarori talablariga rioya etilmagan, ya’ni bemorlar elektron yo‘llanmasiz qabul qilingan.

Jamg‘arma tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj, imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarni davolashga sarflangan barcha xarajatlar to‘liq qoplab berilayotgan bir paytda, Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi 2022-yilda yo‘llanmasiz davolangan bemorlar uchun sarflangan 505 million  mablag‘ni jamg‘armadan undirish uchun joriy yilning 5 may kuni Toshkent shahar tumanlararo iqtisodiy sudiga da’vo arizasi kiritdi.

Ushbu ariza asosida 2023-yil iyun oyida  bo‘lib o‘tgan sud majlislarida da’vogar — Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining da’vo talablarini qanoatlantirish rad qilindi. Shuningdek, muhokamalar jarayonida Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi nafaqat 2022-yil fevral-mart oylarida davolangan bemorlar uchun yo‘llanmalarni ushbu yil yakuniga qadar ham Imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llashning elektron axborot tizimida (“mis.ssv.uz”) shakllantirmagani ma’lum bo‘ldi.

Bu esa, Buxoro viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga “mis.ssv.uz” axborot tizimi orqali elektron yo‘llanma shakllantirish bo‘yicha tashkiliy-amaliy ishlar yetarlicha tashkil etilmaganligini hamda tegishli hujjatlarda keltirilgan talablar bajarilmayotganini ko‘rsatadi.

Ta’kidlash joizki, bunday holatlarning oldini olish maqsadida  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 28-iyuldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni bajarish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu hujjatda keltirilgan talablarga tibbiyot muassasalari tomonidan to‘liq rioya etilishi esa tizimda shaffoflik, aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishda oshkoralik va adolatni ta’minlanish garovi bo‘lib hisoblanadi.

Aslida ham, adolat va qonun ustuvorligi – xalqchil davlat qurish, inson qadr-qimmatini ta’minlashning eng asosiy va zarur shartidir.

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi

Matbuot xizmat