Bugungi kunda roʻzgʻor uchun ishlatiladigan elektromaishiy texnikalarning koʻp qismi xorijdan import qilinishi maʼlum. Xoʻsh, oʻzimizda ichki imkoniyat va xomashyo mavjud boʻlgan bir sharoitda nega elektrotexnikalarni oʻzimizda ishlab chiqarishni ragʻbatlantirmaymiz?

Davlatimiz rahbarining “Elektrotexnika sanoatini yana-da rivojlantirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan ushbu sohaga ham bir qator imkoniyatlar berilmoqda.

Xususan, unga muvofiq respublikamizda yangi turdagi zamonaviy elektrotexnika va elektromaishiy mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, tarmoqning investitsiyaviy va eksport salohiyatini oshirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha zarur chora-tadbirlar belgilandi.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi. Bugun mamlakatimizda bu turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish, ichki bozorni taʼminlab, eksport qilish imkoniyati bormi? Ayni damda bu borada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

Mazkur hujjatda mis xom ashyosini chuqur qayta ishlash hajmini joriy yilda 55 ming tonnaga, 2022-yilda 70 ming tonnaga yetkazish, mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini shu yilda 15 trillion soʻmgacha, 2022-yilda 19 trillion soʻmgacha oshirish, mahsulotlar eksporti hajmini 2021-yilda 450 million AQSH dollari, 2022-yilda 600 million AQSH dollari miqdorida taʼminlash, tarmoqdagi ish oʻrinlari sonini 2021-yilda 27 mingtaga, 2022-yilda 34 mingtaga yetkazish nazarda tutilmoqda.

Umuman olganda, mamlakatimizda bu sohani rivojlantirish uchun yetarli tarzda xom ashyo, ishchi kuchi va mahalliy ishlab chiqaruvchilar bor. Demak, iqtisodiyotimiz uchun oʻta muhim boʻlgan elektrotexnika sanoati ravnaqi yoʻlida davlatimiz keng imkoniyatlar yaratib berayotgan ekan, bundan oqilona foydalanib, zamonaviy turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni koʻpaytirishimiz lozim. Bu xalqimiz farovonligi va iqtisodiyotimiz salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Hazratqul XOʻJAMQULOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati