Xususan, soʻnggi besh yil ichida sohada kuzatilgan oʻsish tendensiyalari hamda Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 6-mayda elektrotexnika sanoatini rivojlantirish masalalari boʻyicha boʻlib oʻtgan yigʻilishda qoʻyilgan vazifalarning bajarilishi doirasida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar natijalari qayd etildi.
Jumladan, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida mis ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsadida yangi “Mis klasteri” tashkil etilyapti. Qiymati 834 million dollar boʻlgan 7 ta yangi loyiha doirasida 128 ming tonna misni qayta ishlash uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi.
Bundan tashqari, mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya manbalarini ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida Qashqadaryo viloyati “Chiroqchi” EIZda “Muqobil energiya manbalari klasteri” loyihasi amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Bu yerda umumiy quvvati 500 MVt boʻlgan 7 ta loyiha joriy etilyapti va bir vaqtning oʻzida 500 ta yangi ish oʻrni yaratilyapti. Innovatsion ilmiy va ishlab chiqarish klasterini yaratish boʻyicha ishlar olib borilyapti.
Yigʻilish doirasida Janubiy Koreyaning “SK NEXILIS” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilishi rejalashtirilgan ultra yupqa mis folga ishlab chiqarish majmuasi, shuningdek, “Oʻzeltexsanoat” uyushmasi tomonidan tashkil etilgan sinov laboratoriyasi majmuasining loyihasi taqdim etildi.
Yigʻilish yakunida loyihalarni amalga oshirish muddatlari va sifati boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi, shuningdek, sohani yanada rivojlantirish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.