Otam har bahorda qutlugʻ,
pok tilak —
Hovlimizga terak ekib qoʻyardi.
Kun tigʻida bolamga deb jonxalak,
Uy solay deb guvalaklar quyardi.
Bugun koʻz oʻngimdan oʻtadi bir-bir,
Qora suvoq uylar, chala imorat.
Loy changallab oʻtgan otamning umri,
Chakka teshgan kulba, chakka ezgan baxt.
Qachon hovuchimdan toʻkilgan, bilmam,
Onam yuragida qovurgan bodroq.
Otamning daladan kelishin kutib,
Tom boshiga chopib chiqqan qizgʻaldoq.
Qushlar yuragimga etadi zikr,
Koʻngil kabi obod bogʻlardan koʻrkam.
Chakka teshgan tomni bilmas, ming shukr,
Loysuvoqli uylar qurmas nabiram.
Ne baxt, dunyolarga koʻrk buyuk yurtim,
Taʼrifing aytmoqqa topmam loyiq soʻz.
Armonlari sening dardingday qadim,
Otamni eslatding qadrdon, Navroʻz.
Bu hurlik, ozodlik muzofotida,
Yurtim shavkatingga tegmasin hech koʻz.
Yuraklarga haqning mukofotiday
Elimdan ketmagin to abad, Navroʻz!
Enaxon Siddiqova,
Oʻzbekiston xalq shoiri