Qaysi jamoaning muxlisi koʻp?
Oʻzbekistonda Yevropadagi qaysi jamoaning muxlisi koʻp? “Real”nikimi yoki “Barselona”niki? Balki keyingi yillarda “Liverpul” yoki “Manchester siti”ning ishqibozlari koʻpaygandir? Yoʻq, unday emas. Mamlakatimizda “Roma”ning muxlislari koʻp. Ular salkam 36 millionta. Chunki bu jamoada yurtdoshimiz Eldor Shomurodov oʻynaydi. Shuning uchun tundami, kunduzmi, kerak boʻlsa eng zarur ishimizni chetga surib qoʻyib ham “Roma”ning oʻyinini tomosha qilamiz. Eldor raqiblar darvozasiga gol kiritsa, xuddi eng yaqin qarindoshimiz, aka-ukamiz gol urgandek quvonamiz, baqirib, atrofga jar solamiz. Aslida Eldor, rostdan ham, koʻpimizga oʻgʻlimiz, nevaramiz, ukamiz, akamizdek boʻlib qolgan. Chunki u biz yashayotgan yurtni olamga tanityapti. Dunyoda Oʻzbekiston degan mamlakat bor, oʻzbek degan millat bor, men shu Vatan, shu millat farzandiman, deyapti.
Prezidentimiz Surxondaryodagi saylovoldi uchrashuvida Italiyaning “Roma” klubi aʼzosi, mashhur futbolchimiz Eldor Shomurodov xalqaro maydonlarda Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtarishiga ishonamiz, degan edi.
Eldor bugun davlatimiz rahbarining ishonchini oqlab, yurtimizni, elimizni olamga tanityapti. Bu esa barchamizning qalbimizda faxr, gʻurur, iftixor uygʻotyapti.
Futbolchilar sulolasi
Surxondaryo viloyati Jarqoʻrgʻon tumanining “Nurli diyor” mahallasida tugʻilib oʻsgan Eldor birdaniga iqtidorli futbolchi boʻlib qolgani yoʻq. Uning bobosi Ollaberdi Shomurodov uzoq yil tumandagi Norali Boymurodov nomidagi xoʻjalikda sport yoʻriqchisi boʻlib ishlagan. U xoʻjalikning “Mehnat” futbol jamoasiga murabbiy ham edi. Shu bois, musobaqalarda oʻgʻli Azamat ham faol qatnashardi. Yil sayin Azamatning mahorati oshdi, jamoaning mohir toʻpurariga aylandi. Azamat deganimiz Eldorning otasi.
Oʻtgan asrning saksoninchi yillari oʻrtasida Jarqoʻrgʻonda futbol klubi tashkil topadi. Unga xoʻjaliklardagi futbol jamoalarining tajribali oʻyinchilari jalb etiladi. Ular orasida Azamat ham bor edi. Tuman jamoasida oʻynab tanilgan Azamatni Termiz shahrida tuzilgan “Harakat–Kamgar” futbol klubiga taklif qilishdi. Ancha vaqtdan soʻng u Shoʻrchi don mahsulotlari kombinati homiyligida tuzilgan “Shoʻrchi” jamoasi aʼzosiga aylanadi. Keyinchalik bu jamoa Oʻzbekiston chempionati birinchi ligasiga yoʻllanma oladi.
Professional klubda toʻp surayotgan Azamatga qishloqdagi koʻp yoshlar havas qilardi. Bu paytga kelib akasining oʻgʻli Otabek Shomurodov ham “Shoʻrchi” jamoasi oʻrinbosarlari tarkibida oʻynay boshlaydi. Soʻng asosiy tarkibga qoʻshiladi. Biroz muddat oʻtgach, uning ukasi Ilhom Shomurodov “Shoʻrchi” kiyimida maydonga tushadi. Azamatning jiyanlari ancha yil “Shoʻrchi”, “Surxon”, “Nasaf”, “Dinamo”, “Soʻgʻdiyona”, “Mashʼal”, “Bunyodkor” jamoalarida toʻp surishdi, betakror oʻyinlari va chiroyli gollari bilan muxlislar hurmatini qozondi.
Aka-uka Shomurodovlar
Yillar oʻtib, Azamat ham, jiyanlari ham oʻyinlar jarayonida olgan jarohatlari tufayli katta futbol bilan xayrlashdi. Biroq mamlakat chempionatida Shomurodovlar sulolasining kenja avlodi sahnaga chiqdi. Chunki oʻsha kezlar Azamat Shomurodovning har ikki oʻgʻli – toʻngʻichi Sanjar, kenjasi Eldor ham amaki akalari Otabek hamda Ilhomga havas qilib futbolni tanlashgandi. Faoliyatini Gʻuzorning “Shoʻrtan” jamoasida boshlagan Sanjar 2017-yilgi mavsumda Oʻzbekiston chempionati birinchi ligasida “Surxon” sharafini himoya qildi. U chopqirligi, mahorati tufayli qisqa fursatda ishqibozlar mehrini qozondi. Sanjar garchand bugun yashil maydonlarda toʻp tepmayotgan boʻlsa ham futbol olamidan uzoqlashgani yoʻq. Ikki yildirki, Oʻzbekiston futbol federatsiyasining Surxondaryo viloyati boʻlimiga yetakchilik qilib, vohada futbolni ommalashtirish, yosh iqtidorlarni kashf qilish, bolalar sportini rivojlantirish hamda viloyat ichki chempionati oʻyinlarini tizimli tashkil etishga bosh-qosh boʻlib kelyapti.
— Xalqimizda “Katta karvon qaysi yoʻldan yursa, kichigi ham uning izidan ergashadi”, degan gap bor. Oʻzim, toʻngʻich oʻgʻlim Sanjar, akamning oʻgʻillari Otabek, Ilhom futbol jamoalarida toʻp surayotganiga qiziqqan Eldor maktabning beshinchi sinfida oʻqiy boshlaganda “men ham futbolchi boʻlaman”, deb oyoq tirab turib oldi, — deydi Azamat Shomurodov. — Oilada ham, oʻgʻil-qizlar tarbiyasida ham qattiqqoʻlman, ammo har bir farzandimning raʼyiga qarayman, fikrini eshitaman. Qizlarim yoki oʻgʻillarim oʻz qiziqishini bildirganda hech biriga yoʻq demaganman, koʻnglini choʻktirmaganman. Eldorga ham: “Sendan zoʻr futbolchi chiqadi, ammo hisobchilikni tanlasang yaxshi boʻlardi-da, onang ikkimizning kenjamizsan, har qalay yonimizda boʻlarding”, deb gapni boshqa tomonga bursam ham Eldor soʻzida qatʼiy turib oldi, faqat futbolchi boʻlishini aytdi.
— Biz davralarda oʻzimizning futbolchi boʻlganimizni gapiramiz. Aslida faoliyatimizga chuqurroq nazar tashlansa, otam ham, amaki akalarim Otabek, Ilhom ham, men ham futbolning sir-asrori oʻqitiladigan va oʻrgatiladigan maktab koʻrmaganmiz, — deydi Eldorning akasi Sanjar. — Rosti, biz koʻcha futbolida ulgʻaydik, shu tajriba bilan maydonga tushdik. Aynan shuning uchun koʻp jarohatlar olganmiz, maydondagi qoʻpolliklarimiz uchun koʻplab jarima kartochkalariga ega boʻlganmiz.
Shu bois, oiladagilar Eldor futbol maktabida kamol topishini niyat qiladi. U umumtaʼlim maktabining 5-sinfini tamomlagach, Qarshining “Nasaf” va Muborakning “Mashʼal” jamoalarida oʻynab yurgan amaki akalari Otabek va Ilhom Eldorni “Mashʼal” futbol klubi huzuridagi bolalar futbol akademiyasiga olib boradi. U imtihonlar va murabbiylar koʻrigidan muvaffaqiyatli oʻtadi. Futbol akademiyasidagi birinchi murabbiyi Otajon Avezov Eldorga mehrini beradi, jiddiy shugʻullantiradi, vaqti boʻlganda yakka tarzdagi mashqlarga jalb qiladi. Eldor FIFA sayti muxbiriga bergan intervyusida oʻsha yillarni bunday eslaydi:
— ...Uydan ketganimda juda yosh bola edim. Uyimdagilarni sogʻinardim, lekin boshqachasiga yaxshi futbolchi boʻla olmasligimni tushunardim. Oilam doim mening intilishlarimni qoʻllab keldi. Men yashagan Muborak shahri yozda sahrodagidek issiq, qishda juda sovuq boʻlardi. Biroq akademiya va murabbiylar yaxshi edi. Yosh futbolchilarning oʻsishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan boʻlib, sabr bilan harakat qilishda davom etdim.
U futbol akademiyasida besh yil tayyorlanganda Muborakning “Mashʼal” klubi Oʻzbekiston chempionati birinchi ligasi jamoalari safiga qoʻshiladi. Klubning oʻsha paytdagi murabbiyi Aleksandr Xomyakov jamoa tarkibiga futbol akademiyasida tarbiyalanayotgan bir necha iqtidorli yoshni taklif qiladi. Ular orasida Eldor ham bor edi. Ikki mavsumdan soʻng “Mashʼal” oliy ligaga chiqadi. Xomyakov Eldorni asosiy tarkibga qoʻshadi. Ushbu jamoada oʻynash jarayonida uning mahorati oʻsdi, gol urishni yanada mukammal egalladi, xatolarini sekin-asta tuzata bordi. Bu orada oʻyini juda qovushayotgan Eldor Oʻzbekiston yoshlar terma jamoasiga taklif qilindi. Osiyo chempionatida ishtirok etib, tajribasi yana ham ortdi.
Xorijga yoʻl
2015-yilgi mavsumda Toshkentning “Bunyodkor” klubi bosh murabbiyi Sergey Lushan Eldorni jamoaga taklif qiladi. Oliy liga yetakchilaridan biri hisoblangan klubning asosiy tarkibida tajribali va mahoratli futbolchilar bilan teng oʻynagan Eldorning toʻpurarlik qirralari namoyon boʻla bordi. Turdan turga raqiblar darvozasiga urgan gollari koʻpayaverdi, muxlislar tiliga tushdi.
Yosh futbolchining mehnatlari zoye ketmadi. Chaqqon harakatlari, epchilligi, jamoadoshlariga toʻpni aniq oshirish, maydondagi qulay imkoniyatdan foydalana bilish qobiliyati tufayli uning nomzodini Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga munosib koʻrdilar. Toshkentdagi futbolchilarning oʻyinlarini kuzatib yuradigan rossiyalik agentlar Eldorni Rossiyaning “Rostov” klubiga taklif qiladi. Shu tariqa oʻzbek futboli maktabida tarbiyalangan Eldor “Rostov” futbolchisiga aylanadi. Oradan ikki yil oʻtgach, klub murabbiylar shtabida oʻzgarish boʻldi. Jamoaga rossiyalik taniqli futbolchi Valeriy Karpin murabbiy etib tayinlanadi.
— Birinchi mavsum moslashish jarayonini oʻtkazdim. Rossiyada boshqacha – Yevropaga ancha yaqin futbol oʻynashadi, — deya eslaydi oʻsha paytlarni Eldor. — Bosh murabbiy Valeriy Karpin menga ishonch bildirib, ruhlantirgach, yaxshi oʻynashni boshladim.
Bu paytga kelib hujumkor oʻyin koʻrsata boshlagan Eldor jamoa rahbarlariga ham, muxlislarga ham yoqardi. U kutilmaganda darvoza yonida paydo boʻlib qolar, hammani hayratga solib gollar kiritardi. “Rostov” jamoasi tarkibida Rossiyaning taniqli futbolchilari jamlangan boʻlsa-da, Eldor bir mavsumda raqiblar darvozasiga 10 tadan ziyod toʻp ura oldi.
Shuning uchun boʻlsa kerak, The Guardian nashri dunyo boʻyicha eng yaxshi oʻyinchiga ovoz berish uchun 300 nafar futbolchi roʻyxatini eʼlon qiladi. Rossiya premyer ligasidan tanlangan yetti futbolchi orasida Eldor Shomurodov ham bor edi.
Oʻzbekistonlik hujumchining mahoratiga qoyib qolgan Rossiyaning boshqa klublari ham unga qiziqa boshladi. Ammo Valeriy Karpin Eldorning hech bir jamoaga oʻtishiga rozilik bermadi. 2020-yil Eldorga Italiyadagi Genuya shahrining “Jenoa” klubi xaridor boʻlgach, murabbiyning iqtidorli yosh futbolchining yoʻlini toʻsgisi kelmadi. Eldor shu tariqa Yevropa futboli sari yoʻl oldi.
— “Rostov”dagi soʻnggi mavsumim oldidan juda yaxshi oʻyin koʻrsatgandim. Keyin yarim mavsum oʻyinim chiqmadi. Buning oʻziga xos sabablari bor, albatta. Lekin menda baribir Yevropada oʻynash xohishi kuchli edi. Gol urmas ekansan, Yevropaga ketishing qiyin kechadi. Lekin “Jenoa” menga ishondi. Klubga buning uchun katta rahmat aytaman. Oʻyin amaliyotiga ega boʻlishim uchun menga Yevropa safarini unchalik kuchli boʻlmagan klubda boshlash muhim edi. Italiyaga kelganimda osongina oʻynab ketaman, deb oʻylagan edim. Lekin birinchi yil ancha qiyin kechdi. Dastlabki mashgʻulotlardan tushundimki, barchasi men oʻylagandek oson emas. Himoyachilar doim senga oʻyin bermaslikka harakat qiladi. Doimiy ravishda oyogʻimga zarbalar qabul qilib olardim. Jismoniy holat ustida alohida ishlash kerakligini tushunib yetdim va asta-sekin sharoitga moslasha boshladim, — deydi Eldor matbuotga bergan intervyularida koʻhna qitʼadagi dastlabki kunlarini eslab.
Eldor “Roma” oʻyinchisi
Eldor “Jenoa”da yaxshi oʻyin koʻrsatdi, asta-sekin yaxshi hujumchi ekanini namoyish qila oldi. Shu bois, dunyodagi eng mashhur murabbiylardan biri, Rimning “Roma” jamoasi ustozi Joze Mourinyo eʼtiboriga tushadi. Joze “Roma”ga katta maqsadlar bilan kelgandi. Bu maqsadini amalga oshirishi uchun esa unga Eldordek hujumchilar kerak edi. Shunday qilib Shomurodov kutilmaganda “Roma” futbolchisiga aylandi.
Muxbirlarning Joze Mourinyo haqidagi savoliga Eldor bunday javob beradi:
— Mourinyoning xarakteri boshqa murabbiylarnikidan umuman farq qiladi. Juda hissiyotga beriluvchan, oʻyin paytida ham “yorilishi” mumkin. Qolaversa, juda kuchli taktik, degan boʻlardim. U barchasini qanday bajarish kerakligini koʻrsatib beradi va har bir oʻyinda uning koʻrsatmalarini yuz foiz bajarishimizni, albatta, koʻproq gol urishni ham talab qiladi.
“Roma” Yevropadagi mashhur klublardan biri. Unda koʻplab nomdor futbolchilar oʻynaydi. Shuning uchun Eldor oʻtgan mavsumda barcha oʻyinlarda maydonga tushgan boʻlmasa-da, iqtidorli, mahoratli hujumchi ekanini isbotladi. Koʻhna qitʼa Konferensiyalar kubogi gʻolibi boʻldi. Ayni paytda “Roma” yangi mavsumga tayyorgarlik koʻrmoqda. Eldor jamoasi safida mashqlarda ishtirok etyapti. Uning maqsadi - Yevropa chempionlar ligasi bahslarida ishtirok etib, muvaffaqiyatga erishish, terma jamoamizni jahon chempionati final oʻyinlariga olib chiqish.
“Keyingi yillarda yaratilgan imkoniyatlar tufayli yurtimizda koʻplab iqtidorli futbolchilar yetishib chiqmoqda. Ular ham Yevropada oʻynashsa, xursand boʻlardim. Bu yerda butunlay boshqacha futbol oʻynashadi, tezlik yuqori. Yevropada qancha koʻp futbolchilarimiz boʻlsa, milliy jamoa uchun shuncha naf”, deydi u.
Oʻzbekistonni, sodda va jaydari qoʻshnilarimni sogʻinyapman
Eldor tugʻilib oʻsgan uyda boʻlib, otasi Azamat aka bilan gurunglashayotganimizda telefoni jiringlab qoldi. Azamat akaning turmush oʻrtogʻi, Eldorning onasi Zulfizar opa Rimdan qoʻngʻiroq qilayotgan ekan. Yevropaning qadimiy shahrida yashayotganiga bir oydan oshibdi. Eldor safar uchrashuvlariga ketganda kelini Omina Mahkamboyevaga hamroh boʻlib nevarasi tarbiyasida yordamlashayotgan ekan. Opa bilan telefonda suhbatlashdik.
— Shu paytgacha farzandlar tarbiyasi, roʻzgʻor tashvishlari bilan boʻlib qishloqdan nariga chiqmagan ekanman. Bugun oʻgʻlimning iqboli tufayli tushimga ham kirmagan Yevropaning Rim shahrida yashayapman. Shu kunlarga yetkazganiga shukr. Rimning ob-havosi moʻtadil, ayniqsa, shahar chiroyiga va tozaligiga qoyilman. Har qancha goʻzal va betakror boʻlmasin, baribir Oʻzbekistonni, sodda va jaydari oʻzbek ayollarini, qoʻshnilarimni sogʻinyapman…
Ha, Vatan sogʻinchi muqaddas tushuncha. Eldor ham barcha intervyularida doimo Oʻzbekiston bilan faxrlanishini, yurt sogʻinchi bilan yashashini takrorlaydi.
— Vatan men uchun muqaddas dargoh. Uni jonimdan ortiq sevaman, — deydi u. — Men tufayli dunyoda bitta odam yer yuzida Oʻzbekiston degan mamlakat, oʻzbek degan millat borligini bilayotgan boʻlsa, bu men uchun faxr.
Oʻzbekiston ham sendek farzandlari bilan faxrlanadi, Eldor.
Usmonali NORMATOV,
Bekqul EGAMQULOV,