U otasi Georg VI vafotidan soʻng 1952-yil 6-fevral kuni Birlashgan Qirollik tojini kiygan edi, deb yozadi Rossiyaning “Novosti” axborot agentligi.
Bu yil 96 yoshni qarshilayotgan Qirolicha Yelizaveta II Buyuk Britaniya monarxiyasida platina yubileyini nishonlayotgan birinchi hukmdor boʻldi.
“2015-yil 9-sentyabr kuni Yelizaveta II Buyuk Britaniya monarxiyasini boshqarishda oʻziga xos rekord oʻrnatdi, - deya taʼkidlaydi “Novosti” agentligi. - U mamlakat tarixidagi eng keksa monarx va eng uzoq hukmronlik qilgan qirolichaga aylandi. Shuningdek, u nafaqat Buyuk Britaniya, balki dunyodagi eng uzoq vaqt hukmronlik qilayotgan monarx va eng keksa davlat rahbari hisoblanadi”.
Fevral oyida Britaniyada yogʻingarchiliklar boʻlishi sababli ushbu sanaga bagʻishlangan bayram tadbirlari yoz faslida oʻtkaziladi. Anʼanaga koʻra, Britan monarxlarining rasmiy tugʻilgan kunlari, ular aslida qachon boʻlishidan qatʼi nazar, yozda nishonlanadi.
Platina yubileyi doirasida butun yil davomida Buyuk Britaniya boʻylab tadbirlar uyushtiriladi. Ular 2-5-iyun kunlari boʻlib oʻtadigan “Yubiley dam olish kunlari” bilan yakun topadi. Shu kunlari Sandringem saroyi va Shotlandiyadagi Balmoral qirollik qarorgohi keng omma uchun ochiq boʻladi va butun mamlakat boʻylab Qirolicha sharafiga mayoqlar yoqiladi.