Tadbirda Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼul xodimlari, Elsevier kompaniyasi vakillari, SSV tasarrufidagi oliy taʼlim muassasalari rektor va prorektorlari, ilmiy-tadqiqot markazlari direktorlari va ularning oʻrinbosarlari va boshqalar ishtirok etdilar.

Innovatsion rivojlanish vazirligi Elsevier kompaniyasi bilan imzolagan shartnoma doirasida Sogʻliqni saqlash vazirligi tasarrufidagi tibbiyot tashkilotlarida ClinicalKey platformasidan tashkilot IP adresi orqali cheklovsiz foydalanish imkoniyati yaratildi. Endilikda tadqiqotchilarimiz, tibbiyot xodimlari 2021-yilning 1-martigacha tibbiyot sohasidagi jahonning eng soʻnggi tadqiqotlar natijalaridan Elsevier Clinicalkey platformasi orqali cheklovsiz foydalanishlari mumkin.

Seminarda mazkur platformaning ochilishi haqida tibbiyot xodimlari va shu sohada faoliyat yuritayotgan tadqiqotchilarga maʼlumot berildi. ClinicalKey platformasidan tashkilot IP adresi orqali qanday foydalanish kerakligi boʻyicha tushuntirish ishlari olib borildi.

Elsevier Clinicalkey platformasi davolash va diagnostika standartlarini yangilash, klinik protokollarni joriy etish, dalillarga asoslangan tibbiyot tamoyillarini amaliyotga keng joriy etish, mikroxirurgiya, robot xirurgiyasi, nuklear tibbiyot, tibbiy genetika sohalarida jahon tibbiyotining eng soʻnggi yutuqlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻzida jamlagan. Ushbu maʼlumotlardan endilikda yurtimizdagi tibbiyot sohasi vakillari ham foydalanish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.

Taʼkidlash joizki, 2019-yil boshida Niderlandiyaning Elsevier kompaniyasi bilan hamkorlik aloqalari oʻrnatilib, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi tibbiyot bosh boshqarmasi hamda Elsevier kompaniyasi oʻrtasida anglashuv memorandumi imzolangan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda “Elsevier” kompaniyasi hamkorligi doirasida, Respublikamizdagi tibbiyot muassasalarida ClinicalKey platformasini joriy etish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

ClinicalKey - bu klinik qaror qabul qilishga yordam beruvchi tizimdir. U har qanday paytda va har qanaqa qurilmadan bir zumda kerakli klinik maʼlumotlarni topish va eng qisqa vaqtda toʻgʻri qaror qabul qilishga yordam beradi.

ClinicalKey platformasining asosiy xususiyatlari:

• 600 dan ortiq tibbiy jurnallar bazasi

• MEDLINE tizimining toʻliq indeksatsiya qilinganligi

• TopicPagesning 1400 boʻlimlari

• 1.100+ tibbiy kitoblar

• 22.000+ videolar

• 2.500.000 tasvirlar

• Turli xil klinik tadqiqotlar

• 4.500+ klinik protokollar

• 350+ muolajalar

• Lancet jurnalining barcha sonlari

• Foydalanuvchi interfeysining turli tillarda mavjudligi

• iPhone va Android uchun bepul ilova

• Kitoblar boblari va maqolalarini offlayn oʻqish uchun yuklab olish imkoniyati.

• Power Point prezentatsiyalarini avtomatik yaratish.

• Maʼlumotlar omborining har 24 soatda yangilanib turishi.

Taʼkidlab oʻtish joizki, Elsevier kompaniyasining ClinicalKey platformasi shifokorlar uchun dalillarga asoslangan tibbiy maʼlumotlarni oʻzida saqlagan jahon miqyosidagi yetakchilardan biri hisoblanadi.