Qayd etish joiz, bokschi qizlarimiz shu paytgacha jahon chempionatining finaliga qadar yetib bormagan edi. Bugun oltin medal uchun ringga koʻtarilgan hamyurtlarimiz Nigina Oʻktamova hamda Mohinabonu Abdullayeva oʻzbek boksi tarixiga oʻz nomlarini yozib qoldirdi, deb xabar bermoqda Milliy olimpiya qoʻmitasi matbuot xizmati.
Dastlab -54 kg vazn toifasida samarqandlik Nigina Oʻktamova ukrainalik Kristina Lakichukka qarshi ringga chiqdi va 4:1 hisobida gʻalaba qozondi. Shu tariqa u oʻzbek bokschi qizlari orasida jahon chempionligini qoʻlga kiritgan ilk sportchiga aylandi.
Shundan soʻng Mohinabonu Abdullayeva (-64 kg) ham oʻz jangini oʻtkazdi. Afsuski, rossiyalik Azaliya Aminevaga qarshi bellashuvda yurtdoshimizga biroz omad yetishmadi.
Shunday qilib, bokschi qizlarimiz yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionatini 1 ta oltin, 1 ta kumush va 4 ta bronza medali bilan yakunlaydigan boʻldi.
Ertaga yigitlar oʻrtasida ham 2 nafar vakilimiz final jangini oʻtkazadi.