Endi Bosh prokuratura ekologik nazoratda sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlaridan foydalanadi

    Shu yilning 23-may kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi bilan Bosh prokuratura oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Prezidentning 31.05.2023-yildagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasini transformatsiya qilish va vakolatli davlat organi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi PF-81-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida prokuratura organlari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

    Ushbu memorandumdan koʻzlangan asosiy maqsad mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni taʼminlash va ekologik huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda kosmik monitoring natijalaridan foydalanish, yashil hududlarning qisqarishi va daraxtlarning kesilishi holatlari, noqonuniy qazish ishlari, shu jumladan daryo oʻzanlari va suvni muhofaza qilish zonalarida noruda materiallari qazib olinishi oldini olish, xodimlarning jamiyatda huquqiy madaniyatini yuksaltirishdagi ishtiroki haqida keng jamoatchilikni xabardor qilish boʻyicha aloqalarni va hamkorlikni yanada mustahkamlashdir.