Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 30-dekabrdagi “Oʻzbekistonda istiqomat qilayotgan loʻli millati vakillarining turmush tarzini yaxshilash, ularning mamlakat hayotidagi faolligini oshirishga qaratilgan dolzarb vazifalar haqida” gi yigʻilish bayoni bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ning ijrosini taʼminlash maqsadida tugʻilganlik va oʻlim toʻgʻrisidagi guvohnomalarga ega boʻlmagan loʻli millatiga mansub shaxslarning roʻyxatini shakllantirish hamda ushbu turdagi guvohnomalarni belgilangan tartibda rasmiylashtirib berish borasida Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan samarali ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Samarqand viloyat hokimligi boshchiligida olib borilgan oʻrganishlar davomida Samarqand shahar “Sharq” MFY hududidagi 10 nafar, “Fidoyilar” MFY hududidagi 100 nafar hamda “Sarbadorlar” MFY hududidagi 140 nafar loʻli millatiga mansub fuqarolarning tugʻilganlik guvohnomasi yoʻqligi aniqlangan. Ularning aksariyatini 10 yoshdan oshganlar tashkil qiladi. Ularga qulaylik yaratish maqsadida guvohnomalar Samarqand shahar 2-son FHDYO boʻlimi tomonidan qisqa muddatlarda rasmiylashtirilib, hujjatlar mahallabay asosida topshirilmoqda.

— 3 nafar farzandning onasiman, — dedi farzandlariga guvohnoma olgan Oʻgʻiloy Istamova. — Uchalasini ham uy sharoitida dunyoga keltirishimga toʻgʻri kelgan. Shu va boshqa sabablar tufayli ularga vaqtida tugʻilganlik guvohnomasini olishga qunt qilmadim. Hozir katta bolam 11 yosh, oʻrtanchasi 10 va kenjam 8 yoshda. Yaqinda mutasaddilar uylarimizga kelib muammolarimizni oʻrgangan edi. 3 kun ichida guvohnomalarni rasmiylashtirib berishdi. Albatta bizga yaratilayotgan bunday qulayliklardan minnatdormiz.

Dastlabki bosqichda “Fidoyilar” MFY fuqarolarining 29 nafariga, “Sarbadorlar” MFY fuqarolarining 71 nafariga hamda “Sharq” MFY fuqarolarining 5 nafariga tugʻilganlik guvohnomalari rasmiylashtirilib, Davlat xizmatlari agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi hamda viloyat Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi vakillari ishtirokida joyiga chiqqan holda tantanali ravishda topshirildi. Joriy yilning 15-iyuliga qadar belgilangan reja-jadval asosida guvohnomasi yoʻqligi aniqlangan barcha fuqarolarga ham hujjatlar tegishli tartibda rasmiylashtirilib beriladi.

— 14 yoshimda tugʻilganligim toʻgʻrisida guvohnoma oldim, — deydi Mehruza Tosheva. — Bu men uchun albatta quvonarli voqea boʻldi. Axir shu paytgacha men fuqaro sifatida hech qanday huquqlarga ega emasdim. Yaxshilarning yordami bilan bugun rasman shaxsim tasdiqlandi. Endi boshqa yoshlar kabi koʻplab imkoniyatlardan foydalanishim mumkin. Bu boradagi ishlar davom etmoqda.

Mansur Hasanov,

Davlat xizmatlari agentligi
Samarqand viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari