Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan Buxoro davlat universitetida yangi yoʻnalishlar – ”Bosma ommaviy axborot vositalari” hamda “Jamoatchilik bilan aloqalar” bakalavriatlari ochildi. Har bir yoʻnalish boʻyicha 25 talaba qabuli rejalashtirilgan (5 ta grant, 20 ta kontrakt).

Oʻqish jurnalistika sohasida mamlakatimizda yetakchi oliy oʻquv yurti hisoblangan Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti olimlari tomonidan yaratilgan oʻquv rejalar va fan dasturlari asosida tashkil etiladi. Jurnalistika kasbi talablariga muvofiq oʻqish paytida jurnalistik amaliyotga alohida eʼtibor beriladi. Yaʼni, butun semestr davomida asosiy oʻqishdan boʻsh vaqtda talabalar tomonidan viloyat, shahar, tuman gazetalari, radio va televideniye hamda matbuot markazlari ishlarida qatnashib, oʻz chiqishlarini taʼminlab borishlari shart, buning uchun har semestrda alohida hisobot topshiriladi.

Jurnalistika tez rivojlanib borayotgan  soha boʻlganligi sababli boʻlajak talabalar ingliz va rus tillarini bilishlari maqsadga muvofiq. Bu boʻlajak mutaxassislarning malakali kadr boʻlib yetishishi va zamon bilan hamnafas faoliyati yuritishida qoʻl keladi. Shu bois, yoshlarga bu yoʻnalishda ham zamonaviy andozalar asosida taʼlim beriladi.