Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining maʼlum qilishicha, mazkur tartibga koʻra, endilikda sanitar tozalash sohasida isteʼmolchilardan faqatgina koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlov hisoblanadi.

Isteʼmolchilar (jismoniy va yuridik shaxslar) tomonidan qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar uchun onlayn toʻlov tizimlari orqali amalga oshiriladi.

Onlayn toʻlov tartibi quyidagi afzalliklar bilan muhim sanaladi:

  • istalgan joyda va vaqtda amalga oshirish mumkin;
  • bankka borish va navbatda turish shart emasligi bilan vaqtni tejaydi;
  • hisobni oson tekshirish va nazorat qilish mumkin;
  • toʻlov cheklarini onlayn yuklab olish mumkin;
  • xizmat koʻrsatish jarayonida shaffoflikni taʼminlash barobarida xizmat uchun noqonuniy toʻlov undirish, undirilgan mablagʻlarni kirim qilmasdan oʻzlashtirish holatlarini bartaraf etish orqali sohada yashirin iqtisodiyot hamda korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Shuningdek, qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish boʻyicha xizmatlar uchun toʻlovlardan tushgan mablagʻlar bevosita Agentlikning maxsus hisob raqamiga yoʻnaltiriladi.

Jamlangan mablagʻlar hisobidan haq toʻlash belgilangan subyektlar (sanitar tozalash korxonalari, poligonlar, chiqindi yoqish zavodlari, ekosanoat hududlari va boshqalar)ga alohida tartibga muvofiq hisobga olishning yagona tizimi orqali:

  • sanitar tozalash korxonalariga qattiq maishiy chiqindilarni poligoniga yoki chiqindilarni qayta yuklash punktlariga topshirgani uchun (alohida tartib asosida tonna/kilometr hisobida);
  • chiqindi poligonlariga/chiqindilarni qayta yuklash punktiga/chiqindilarni yoqish zavodiga chiqindilarni qabul qilgani va utilizatsiya qilgani uchun (tonna hisobida);
  • ekosanoat zonalarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subektlariga (har bir tonnasi uchun) belgilangan tartibda toʻlab beriladi.

Natijada mablagʻlarning maqsadli sarflanishi, tizimda moliyaviy intizom va nazoratning kuchaytirilishi taʼminlanadi. Qolaversa, har oy yakuni bilan xizmat koʻrsatuvchi sanitar tozalash korxonalari faoliyatining asosiy samaradorlik koʻrsatkichlari baholab boriladi.

Baholash natijasida sanitar tozalash korxonalari “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga ajratiladi. Mazkur toifalar sanitar tozalash korxonalari uchun haq toʻlashda inobatga olinadi. Yaʼni samaradorlik koʻrsatkichi yuqori baholangan “yashil” toifadagi sanitar tozalash korxonalariga “qizil”, “sariq” toifadagilarga nisbatan koʻproq haq toʻlanadi. Bu tartib sanitar tozalash korxonalarining KPI koʻrsatkichlari asosida aniqlanadi.

Taʼkidlanishicha, mazkur tartib sanitar tozalash sohasida koʻrsatilgan xizmatga yarasha munosib haq toʻlanishi va xizmatlar sifatining oshirilishi barobarida aholi roziligiga erishishga hamda sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirishga xizmat qiladi.