Qaror bilan davlat ulushi 50 foiz va undan ortiqni tashkil qiluvchi korxonalar (AJ, MCHJ, DUK) veb-saytiga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlanmoqda:

Nizomga muvofiq korxonalar quyidagi tartibda oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkora etadilar:

doimiy maʼlumotlar: korxona faoliyatining asosiy yoʻnalishlari va maqsadlari, ustav fondi (ustav kapitali) va uning taqsimlanishi, tashkiliy tuzilmasi, boʻsh ish oʻrinlari, boʻsh turgan, foydalanilmayotgan, nosohaviy aktivlar, affillangan shaxslar roʻyxati va hokazolar;

choraklik: biznes-reja va rivojlanish strategiyalari ijrosi, buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalar, korxonaning boshqaruv sohasi, boshqaruv qoidalariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, Shu bilan birga, korxonalar oʻz xaridlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, jumladan, import evaziga xaridlarning toʻliq roʻyxati (mahsulot (ish, xizmat) nomi, hajmi, qiymati va yetkazib beruvchining toʻliq maʼlumotini oshkor etishi talab qilinmoqda;

yil yakuni boʻyicha: korxona faoliyatini baholash natijalari, tavakkalchiliklar, affillangan shaxslar bilan tuzilgan va yirik bitimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, boshqaruv va nazorat organlariga toʻlangan ragʻbatlantirishlar miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotlar hamda yillik moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish natijalari boʻyicha auditorlik tashkilotining xulosasi, hisoblangan va toʻlangan dividendlar (ajratmalar) va boshqalar;

kun ichida korxonaning muhim faktlari oshkor etilishi lozim. Bular: doimiy axborotlar sirasiga kiruvchi maʼlumotlar oʻzgarishi, mol-mulki va bank hisob-varaqlari xatlanishi, aktivlar qiymatining 10 foizidan ortiq miqdorda daʼvo ishi qoʻzgʻatilishi, korxona tomonidan yirik bitimlar va manfaatdor shaxslar va (yoki) affillangan shaxslar bilan bitimlar tuzilishi va boshqalar.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlari va davlat unitar korxonalari veb-saytlari monitoringini olib boradi va har chorak yakuni boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga tahliliy maʼlumot kiritadi.

Nizom talablari buzilishida aybdor shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.