Hozir mazkur muassasalarda xodimlar va tarbiyalanuvchilar davomatini yuritish biometrik identifikasiya qilish texnologiyasi orqali amalga oshirilmoqda.
Bu jarayonda mobil ilova orqali har bir bola suratga olinib, Maktabgacha ta’lim vazirligining elektron bazasiga yuboriladi. Tizim asosida bolalar va xodimlarning bog‘chaga kelib ketishi real vaqt rejimida nazorat qilinadi. Tarmoq Moliya vazirligi va Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot dasturiga integrasiya qilingan.
Vazirlar Mahkamasining shu yil 2-avgustdagi “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida soddalashtirish chora- tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq bu jarayonda davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar xodimlarning ishga kelib ketishi hamda tarbiyalanuvchilarning davomatidan kelib chiqib avtomatik ravishda hisoblab chiqilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, tarbiyalanuvchilarning o‘rtacha oylik davomati muassasada ro‘yxatga olingan tarbiyalanuvchilar soniga nisbatan 40 foizdan kam bo‘lsa, shu oy uchun xodimlarga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan ish haqi to‘lanmaydi.
Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining subsidiyalardan maqsadsiz foydalanishining oldini olishda yangi tizimning ahamiyati katta.
Yunusobod tumanida joylashgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi “Little tots academy” nomli nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat boshlaganiga uncha ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Muassasa 240 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bolalar 11 ta guruhda ta’lim-tarbiya oladi. Tashkilotning loyiha qiymati 7,2 milliard so‘mni tashkil etadi. Shundan 5,4 milliard so‘mi imtiyozli kredit asosida, qolgan 1,8 milliard so‘m mablag‘ tadbirkorning hisobidan. Ayni vaqtda bog‘chada 15 nafar pedagog mehnat qilmoqda. Muassasa tarbiyalanuvchilarining 25 foizi ijtimoiy ko‘makka muhtoj oila farzandlaridir.
— “Bolalar bog‘chasi” axborot tizimiga o‘tilganidan so‘ng muassasadagi ba’zi noqulayliklar bartaraf qilindi. Bu tizim nafaqat tarbiyalanuvchilar, balki xodimlarni ham tartib-intizomga o‘rgatyapti. Ilgari hamma hujjatlar qo‘lda yuritilgan, inson omili qatnashgan bo‘lsa, endi qog‘ozbozlik kamaygan, avvalgidek daftarga yozib o‘tirmasdan jonli davomat yuritiladi, — deydi “Little tots academy” davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori Nigina Alautdinova.
Mobil ilova sentyabr oyidan davlat byudjeti orqali subsidiya va kompensasiya oladigan maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 100 foiz ishga tushirilgan. Hozir kunlik davomat 80–85 foiz ko‘rsatkichni tashkil etmoqda.
Mazkur tizim MTTda oziq-ovqat xarajatlarini nazorat qilishda ham afzalliklarga ega. U xodimlar va tarbiyalanuvchilarning yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish, xodimlarning ish vaqti va tarbiyalanuvchilar davomatini real vaqt rejimida monitoring qilish, MTTlarda oziq-ovqat xarajatlarini avtomatik hisobga olishni zamonaviy raqamli texnologiyalar orqali yuritish imkonini bermoqda.
Sergeli tumanidagi 42-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti 345 o‘rinli bo‘lib, 10 ta guruhda bolalarga ta’lim-tarbiya beriladi. Shuningdek, investisiya dasturi doirasida ta’mirdan chiqarilib, 13 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflangan ushbu muassasada bolalarga yaratilgan sharoit havas qilgulik. “Bolalar bog‘chasi” tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Jismoniy shaxsni biometrik identifikasiya qilish orqali xodimlar va tarbiyalanuvchilar davomati belgilangan tartibda yuritilmoqda. Tarbiyalanuvchilarning kelib ketishini hisobga olishning zamonaviy raqamli texnologiyalar va idoralar aro elektron hamkorlikni qo‘llagan holda avtomatlashtirilishi jarayon ochiqligi va shaffofligini ta’minlaydi.
— “Bolalar bog‘chasi” tizimining joriy etilgani davomat bilan bog‘liq tartibsizlikda ishonchli identifikasiyani ta’minlovchi kompleks yechimdir. Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosida bitim imzolashdagi korrupsion holatlarga barham berishda ushbu elektron tizim qo‘l keladi, — deydi Maktabgacha ta’lim vazirligining axborot-kommunikasiya texnologiyalari va axborot xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayev. — Bu jarayon shu bilan to‘xtab qolmaydi. Tizimni raqamlashtirish takomillashtirilgan tarzda davom ettiriladi.
Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini zamonaviy raqamli texnologiyalar yordamida soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga subsidiya va kompensasiyalar davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim amal qilish davrida, o‘quv yili va sog‘lomlashtirish davri mobaynida hisoblanishi va to‘lanishi belgilangan.
Shuningdek, davlat-xususiy sheriklik asosidagi MTTlarga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ularda ta’lim olayotgan 3 va undan katta yoshdagi, shu jumladan, 7 yoshga to‘lgan, biroq maktabga qabul davrini kutayotgan bolalar uchun to‘lanishi ko‘rsatilgan. Ana shu jarayonlar tartibga solinishida “Bolalar bog‘chasi” tizimining ahamiyati katta.
O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida bolalarga MTMda ta’lim-tarbiya berishning noyob muqobil usullarini izlash va amaliyotda joriy etish muhim ahamiyatga ega ekaniga alohida urg‘u berilgan. Bolalarning mustaqil shaxs bo‘lib shakllanishi, qobiliyatining yuzaga chiqishi, o‘qishga, ta’lim olishga ishtiyoqining oshishi ular ta’lim-tarbiya olayotgan muassasaning hozirgi zamon talablari va standartlariga javob bera olishiga ham bog‘liq. Shu o‘rinda mamlakatimizda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida joriy qilingan yangi tizim bolalarni maktabda o‘qishga maqsadli va tizimli tayyorlash barobarida ularga munosib shart-sharoit yaratish, maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bugun birgina Toshkent shahrida 915 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat olib boryapti. Shundan 491 tasi davlat, 7 tasi turli vazirlik tasarrufidagi, 371 tasi nodavlat, 9 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida va 44 tasi oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridir. Hozir bularning barchasida “Bolalar bog‘chasi” a xborot tizimi ishga tushirilgan.
Risolat MADIYЕVA,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri