Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda fraksiya aʼzolari “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum oʻtkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasini muhokama qildi.
Taʼkidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan Saylov kodeksi hamda 7 ta qonunga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Xususan, Saylov kodeksiga Qonunchilik palatasi saylovini aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimi asosida oʻtkazish tartibini kiritish taklif etilmoqda. Shunda saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga ajratilmoqda. Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida, yaʼni siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar boʻyicha yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, saylov komissiyalari tizimi takomillashtirilib, Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, tuman va shahar saylov komissiyalari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari saylov komissiyalari tizimini tashkil etishi koʻzda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari sonini kamida oʻn besh nafardan toʻqqiz nafarga tushirish, uning kamida bir nafar aʼzosi Qoraqalpogʻiston vakili boʻlishi belgilanmoqda. Shu bilan birga, tuman, shahar saylov komissiyasining vakolatlarini belgilovchi yangi normalar kiritilmoqda.
Deputatlar Konstitutsiyaviy qonun loyihasini muhokama qilar ekan, taklif etilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar birinchi navbatda yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amaliyotga toʻgʻri joriy etishga xizmat qilishi va bu orqali qator qonunchilik meʼyorlari muvofiqlashtirilishini taʼkidlab oʻtdilar. Shuningdek, Qonunchilik palatasi deputatlari korpusini shakllantirishning majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimi joriy etilishining huquqiy asoslari yaratilishi alohida qayd etildi. Majoritar-proporsional shakl tizimiga oʻtish davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirishga xizmat qiladi. Taklif va fikr-mulohazalardan soʻng Konstitutsiyaviy qonun loyihasi fraksiya aʼzolari tomonidan maʼqullandi.
Yigʻilishda, shuningdek, “Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi normalarini soʻzsiz va toʻliq amalga oshirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham koʻrib chiqilib, qoʻllab-quvvatlandi.