Yurtimizda kreativ iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda. Sohada faoliyat koʻrsayotganlarning 98 foizi yoshlar.

Oʻtgan yili kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha alohida qonun qabul qilinib, huquqiy asoslari belgilandi.

Toshkent shahridagi “Yoshlar ijod saroyi”da namunaviy “Kreativ park” tashkil qilindi.

Endi kreativ industriya parklari hududlarda ham barpo etiladi. Ular zarur resurs va infratuzilma bilan taʼminlanadi.

Kreativ industriya parki rezidentlariga 2030-yil yakunigacha imtiyozli soliq rejimi joriy etiladi. Bunda ijtimoiy va daromad soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi, rezidentlar tovarlarni realizatsiya qilish hajmidan qatʼi nazar aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchilar boʻladi.

Parklar negizida kreativ soha vakillarini oʻqitadigan biznes maktablari tashkil qilinadi. Ushbu maktablarda yoshlar yangi va zamonaviy biznes yuritish hamda elektron tijorat kabi xizmat koʻrsatishning innovatsion usullarini oʻrganadi.