Mediaturda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ, “Temir yo‘l vokzallari” MCHJ mas’ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 10 oktyabrdagi “Temiryo‘l sohasini tubdan isloh qilish to‘g‘risida”gi 329-sonli qarori ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati, shuningdek, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ va “Temir yo‘l vokzallari” MCHJ tomonidan bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Vokzallarda nafaqat yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratish, balki tadbirkorlik faoliyati uchun ham imkoniyatlarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

2017 yilda tubdan rekonstruktsiya qilingan “Toshkent-Janubiy” temir yo‘l vokzali bugungi kunda mamlakatimizning yirik transport uzellaridan biri hisoblanadi. Hozirgi vaqtda mazkur vokzaldan bir sutka davomida 19 ta yo‘nalish bo‘yicha 10 ming nafardan ortiq yo‘lovchi foydalanmoqda.

Tadbir davomida, “Toshkent-Janubiy” vokzal boshlig‘i Doston Sotvoldiyev bugungi kunda temir yo‘l sohasida, xususan vokzal hududida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berib o‘tdi.

 — Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida vokzal oldidagi harakat ancha soddalashtirildi. Endi avtomobillar vokzal hududiga bemorol kirib, kelayotgan yoki kuzatilayotgan yo‘lovchilarni tushirib ketishi mumkin. Ilgari vokzal hududiga kirish nazorat punktlari orqali amalga oshirilgan bo‘lsa, hozirda bu jarayon ancha yengillashtirildi va hatto kuzatuvchilar ham vokzal hududiga bemorol kirish imkoniyatiga ega. Bu esa yo‘lovchilar uchun yanada qulaylik yaratmoqda. Vokzal hududida yo‘lovchilarning har qanday ehtiyoji uchun zarur infratuzilma mavjud, — deydi Doston Sotvoldiyev.

—  Mahalliy yo‘nalishlardan tashqari, shaharlalararo qatnovlar ham yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Prezident tashabbusi bilan ochilgan Toshkent — Chinorkent elektropoezdi ham aynan Toshkent-Janubiy vokzalidan qatnaydi.

Shu bilan birga, vokzal hududida tadbirkorlar uchun ham keng imkoniyatlar yaratilgan. Hozirgi kunda bu yerda 20 dan ortiq tadbirkor faoliyat yuritmoqda.

Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibiga ko‘ra, tadbirkorlar o‘z faoliyati haqida ma’lumot beradi, shundan so‘ng hudud e-auksion platformasiga joylashtiriladi va ijara shartnomasi asosida faoliyat yuritadi. Shartnomada barcha talablar — yong‘in xavfsizligi, sanitariya me’yorlari va boshqa qoidalar aniq belgilab qo‘yilgan. Tadbirkorlar o‘z faoliyatini aynan shu talablar asosida olib boradi deydi, “Toshkent-Janubiy” vokzal boshlig‘i. 

Bundan tashqari, vokzalda jahon andozalariga mos servis xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, VIP va kutish zallari zamonaviy jihozlangan bo‘lib, barcha qulayliklarga ega. Yo‘lovchilar uchun “Ona va bola”xonasi, elektron kutubxona, Wi-Fi internet xizmati, tibbiyot xonasi, yuk aravachalari, nogironlar uchun maxsus aravachalar, mobil qurilmalarni quvvatlash nuqtalari, elektron ma’lumotlar tablolari va liftlar xizmat ko‘rsatmoqda.

Vokzal hududida joylashgan ikkita 14 metrlik zamonaviy favvora esa nafaqat iqlim musaffoligini ta’minlab, balki uning tashqi ko‘rinishiga ham alohida joziba bag‘ishlamoqda.

So‘nggi yangiliklardan biri sifatida shuni aytish shumkinki, endilikda yo‘lovchilarni kuzatib keluvchilar uchun vokzal hududiga hujjatsiz kirish imkoniyati yaratildi. Bundan tashqari, avtoturargohlar tashkil qilinib, avtomobillar vokzalning kirish qismigacha erkin harakatlanishi ta’minlandi. Elektron tablolalar va axborot terminallari soni ham oshirildi.

Vokzalda 100 nafarга yaqin ishchi-xizmatchi yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Ushbu vokzal orqali Toshkent – Xiva, Toshkent – Buxoro, Toshkent – Termiz, Toshkent – Qo‘ng‘irot, Andijon – Urganch kabi ko‘plab mahalliy hamda shaharlalararo yo‘nalishlarda poyezdlar qatnaydi.

Yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida vokzal hududida zamonaviy metall ramkalar va intraskop uskunalari orqali tekshiruv tizimi yo‘lga qo‘yilgan.

Mediatur davomida vokzal hududida “Qo’noq South Railway Hotel” mehmonxonasi ochilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Mazkur mehmonxona 2025 yilda e-auksion elektron savdo platformasi orqali ijaraga berilgan bo‘lib, 488 kvadrat metr maydonda tashkil etilgan.

– Ushbu mehmonxona bir vaqtning o‘zida 70 nafargacha mehmonni qabul qilish imkoniyatiga ega. Janubiy vokzal hududida joylashgan mazkur mehmonxonani ochish uchun taxminan 2 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Yaqinda faoliyat boshlagan ushbu mehmonxonada mehmonlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Bu yerda turli to‘lov qobiliyatiga ega bo‘lgan mehmonlar uchun qulayliklar mavjud. Jumladan, eng arzon xonalardan tortib, eng qimmat lyuks xonalarigacha. Mehmonxona nafaqat turistlarni, balki guruh bo‘lib keladigan talabalar, o‘quvchilar, sport musobaqalari va olimpiadalarga tashrif buyuradigan ishtirokchilarni ham qabul qilishga mo‘ljallangan – deydi, “Qo‘noq” Hotels MCHJ rahbari Abduqayum Abdullayev.

Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati uchun O‘zbekistonda yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritar ekan, rahbar e-auksion portali orqali aeroport va vokzal hududlaridan joylarni uzoq muddatli ijaraga olish va ularni ta’mirlab, faoliyat yuritish imkoniyati mavjudligini, bu esa tadbirkorlar uchun katta qulaylik yaratayotganligini alohida ta’kidladi.

Bir so‘z bilan aytganda, “Toshkent-Janubiy” temir yo‘l vokzalida amalga oshirilayotgan islohotlar yo‘lovchilar uchun yanada qulay va zamonaviy sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda. Bu esa mamlakatimizda transport infratuzilmasini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri hisoblanadi.

 

Zulxumor Akbarova

Lobar Boboxonova