Bu maskanlarda kitobsevarlar o'zlarini qiziqtirgan adabiyotlar bilan tanishish imkoniga ega bo'lishdi. Ayni vaqtda ko'pgina ilmiy va badiiy adabiyotlarning elektron variantlari ham yaratildi.

Endilikda mushtariylar takliflari inobatga olinib, chekka mahallalarda ham kutubxonalar tashkil qilinmoqda. Urganch tumanining Hilol mahallasida tuman axborot-kutubxona markazi, tuman madaniyat  bo'limi va  xalq deputatlari tuman kengashi kotibiyati hamkorligida barcha qulayliklarga ega kutubxona o'z faoliyatini boshladi.

— Hozircha kutubxona fondida besh mingdan ziyod kitob bor, — deydi mahalla fuqarolar yig'ini raisi Mansur Yaxshimurodov. — Mahallamiz faollari, homiylar madadi bilan kutubxona fondini doimiy ravishda to'ldirib borish niyatidamiz. O'quvchilar orasida yoshlar ko'p ekanligi quvonarli. Ularning takliflarini inobatga olib, tez kunlarda kutubxonamiz fondini boshqa tillardagi adabiyotlar bilan ham boyitmoqchimiz. 

Ma'lumot o'rnida shuni aytish joizki, joriy yilning o'zida viloyatda davlat-xususiy sheriklik asosida uchta kutubxona ish boshladi.

                                               Ro'zimboy Hasan,

                                    «Yangi O'zbekiston» muxbiri