Endi Milliy kutubxona kecha-yu kunduz ishlaydi

    Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi yaqin vaqt ichida haftasiga yetti kun, sutkasiga 24 soat ishlash rejimiga oʻtadi.

    Bu haqda Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev maʼlum qildi.

    “Soʻrovingizga koʻra, AOKA va Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi rahbariyati bilan bogʻlandim. Kutubxona tez orada 24/7 ishlash rejimiga oʻtishini maʼlum qilishdi. Hozir vazirlik va idoralar bilan jarayonni rasmiy yoʻlga qoʻyish ishlari davom etmoqda”, deb yozdi Saʼdullayev Twitterʻdagi sahifasida.

    Uning qoʻshimcha qilishicha, “jarayon boshlangan, AOKA va Milliy kutubxona hamma ishlarni amalga oshirmoqda”.

    “Xodimlarning tungi ish vaqti, mehnat tartibi va maosh toʻlash masalasida ekan jarayon. Umid qilamizki, tez orada jarayonni yoʻlga qoʻyib yuborishadi”, — deya qoʻshimcha qilgan u.

    Hozirda Milliy kutubxona ish kunlari 8:00 dan 21:00 ga qadar, dam olish (shanba va yakshanba) kunlari esa 9:00 dan 17:00ga qadar kitobxonlarni qabul qiladi. Ayni vaqtda, “Nodir” noyob manbalar zali ish kunlari 9:00 dan 18:00 gacha faoliyat koʻrsatadi, dam olish kunlari esa ishlamaydi.