Qaror bilan xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilishni yana-da kuchaytirish va mehnat stajini hisoblash mexanizmini takomillashtirish maqsadida mehnat faoliyatini bosqichma-bosqich elektronlashtirish jarayoni yoʻlga qoʻyildi.
Qarorga asosan 2020-yil 1-yanvardan boshlab yangi mehnat shartnomalarini tuzish, amaldagi mehnat shartnomalariga oʻzgartirish kiritish, shuningdek, ularni tugatish holatlari “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi“da roʻyxatdan oʻtkazib kelinmoqda. Bunda 2020-yil 1-yanvarga qadar tuzilgan amaldagi mehnat shartnomalari joriy yilning 1-sentyabridan kechiktirmasdan “YAMMT” IDAKda roʻyxatdan oʻtkazilishi taʼminlanmoqda.
Mehnat shartnomalarini “YAMMT” IDAKda roʻyxatdan oʻtkazish belgilangan tartibda ish beruvchi yoki tizim bilan ishlash uchun masʼul xodim tomonidan amalga oshirilmoqda.
“YAMMT” IDAKda avtomatik tarzda shakllantiriladigan elektron mehnat daftari 2020-yil 1-yanvardan boshlab xodimning mehnat faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi. “YAMMT” IDAKdan foydalanish barcha yuridik va jismoniy shaxslar uchun bepul. Mazkur tizimning asosiy maqsadlaridan biri – bu barcha jismoniy shaxslarning 2020-yildan keyingi boʻlgan mehnat faoliyatini tasdiqlash va pensiyani hisoblashni faqat fuqarolik pasporti orqali amalga oshirilishini yoʻlga qoʻyishdan iborat. Xodimning 2020-yil 1-yanvarga qadar boʻlgan mehnat staji esa qogʻoz mehnat daftariga muvofiq, avvalgi oʻrnatilgan tartibda belgilanadi.
Hozirgi kunda “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksi“ni joriy etish uchun belgilangan davlat idoralari va tashkilotlarining maʼlumotlar bazasida integratsiyalashgan holda maʼlumotlar olinmoqda.
Jumladan, Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan soliq toʻlovchi jismoniy shaxsning shaxsiy raqami, xodimga ish beruvchi – tashkilot STIR raqami olindi. Yuridik shaxslarning markaziy maʼlumotlar bazasidan tashkilotning STIRi, uning toʻliq nomi, rahbarning familiyasi, ismi va boshqa maʼlumotlar yigʻildi. Jismoniy shaxslarning markaziy maʼlumotlar bazasidan xodim haqida maʼlumotlar – pasport seriyasi va raqami, familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili, joyi va boshqa maʼlumotlar jamlandi. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi maʼlumotlar bazasidan oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomlar, ilmiy daraja toʻgʻrisidagi hujjatlar haqida guvohnomalar nusxasi elektron taqdim etildi. Xalq banki ATB tomonidan fuqarolarning shaxsiy jamgʻarib boriladigan pensiya hisobvaragʻiga badallar toʻlangan tashkilot STIRi, hisobvaragʻi raqami va boshqalar olinib, tizimga qoʻyilgan vazifalar bajarilmoqda.
Mazkur tizimning afzalligi, eng avvalo, xodimning mehnat faoliyati haqidagi shaxsiy sahifasida toʻplangan maʼlumotlar
Shu bilan birga, xodim oʻzining shaxsiy sahifasi orqali ish beruvchi tomonidan kiritilgan mehnat faoliyatiga tegishli maʼlumotlarni kuzatib borishi, mehnat daftarchasidan koʻchirma, ish joyidan maʼlumotnoma va C/V-maʼlumotnomani mustaqil ravishda yuklab olishi mumkin.
Bundan tashqari, pensiya taʼminoti huquqlarini rasmiylashtirishda kelib chiqadigan muammolar, jumladan, mehnat staji notoʻgʻri hisoblanishi, mehnat daftarchasi yaroqsiz holga kelib qolishi va undan aniq maʼlumotlarni olib boʻlmasligi, fuqaro oʻz mehnat daftarchasini yoʻqotib qoʻyishining oldi olinadi.
Tizimda barcha tashkilotlardagi mavjud ish oʻrinlari, ishlovchi xodimlar mehnat shartnomalari roʻyxatdan oʻtkazilayotgani bois mehnat bozori koʻrsatkichlari holati va dinamikasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni shakllantirish va monitoring qilish imkoniyati tugʻiladi. Ushbu imkoniyat mehnat bozoridagi ishchi kuchi sonini, tarkibini oʻrganib chiqqan holda kerakli yangi ish oʻrinlar sonini koʻpaytirish, yetuk mutaxassis kadrlarga ehtiyoj boʻlgan sohalarga malakali mutaxassislarni jalb etish, ishchi kuchiga boʻlgan talab hamda taklifni rivojlantirishda muhim omil boʻladi.
Xodimlar hamda ishchilarning son, sifat tarkibi, vakansiyalar, shuningdek, ishga joylashish uchun nomzodlarga ish beruvchilar tomonidan qoʻyiladigan malakaviy va boshqa talablar toʻgʻrisida avtomatik tarzda toʻplanadigan xolis, shaffof maʼlumotlar shakllantiriladi.
Joriy yilning yanvar oyidan boshlangan ishlar natijasida hozirgi kunda “YAMMT” IDAKda roʻyxatdan oʻtgan yuridik shaxslar, yaʼni tashkilotlar soni 420 ming 187 taga yetdi. Bu koʻrsatkich davlatimiz boʻyicha tizimda umumiy roʻyxatdan oʻtishi kerak boʻlgan yuridik shaxslarning 98 foizini tashkil etadi.
Shu bilan birga, ushbu tizimda roʻyxatdan oʻtkazilgan jismoniy shaxslar, yaʼni xodimlar soni 4 million 270 ming 936 nafar boʻlib, bu koʻrsatkich esa tizimda umumiy roʻyxatdan oʻtishi kerak boʻlgan jismoniy shaxslarning 78,6 foizini tashkil qiladi.
Shu bilan birga, “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat kompleksini boshqarish direksiyasi zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish, yaʼni elektron mehnat daftarchasini shakllantirish va joriy qilish, xodimning mehnat staji toʻgʻri hisoblanishini taʼminlash jarayonida yuzaga keladigan barcha masalalar boʻyicha ish beruvchilarga texnik va axborot koʻmagi taqdim qilinoqda. Shuningdek, “YAMMT” IDAK foydalanuvchisi hisoblangan fuqarolarga axborot koʻmagini koʻrsatish maqsadida mazkur tizimda ishlash tartibini tushuntirib beruvchi materiallar, video-koʻrsatmalar tayyorlandi va respublikamiz miqyosida barcha ish beruvchilar uchun seminar-treninglar oʻtkazildi.
Bundan tashqari, barcha foydalanuvchilarga masofaviy texnik va axborot koʻmagini taqdim qilish maqsadida hozirgi kunda “YAMMT” IDAKni texnik qoʻllab-quvvatlash xizmati oʻz ishini olib bormoqda.
Ish beruvchilar tomonidan maʼlumotlar “YAMMT” IDAKga kiritilishi mavjud vakant ish oʻrinlari toʻgʻrisida maʼlumotlar bazasi toʻliq va sifatli shakllanishiga hamda ishsiz fuqarolar bandligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Husan YORQULOV,
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi “YAMMT” IDAKni boshqarish direksiyasi rahbari.
OʻzA