Bu yon-atrofimizda, qarindosh-urug', do'st-u yorlarimiz orasida uchrab turadigan holat, shunday emasmi? Afsuski, mamlakatimizda qurilish hajmi oshgani va bu sohaga katta e'tibor qaratilayotganiga qaramay, o'z ishiga mas'uliyat bilan qaramaydigan ba'zi tadbirkorlar ham oramizda yo'q emas. Ba'zida noqonuniy o'zlashtirilgan yoki xonadon qurish mumkin bo'lmagan hududlarda uy qurib berishganiga ham guvoh bo'lganmiz. Shu kabi holatlarga chek qo'yish maqsadida Prezidentimizning joriy yil 27 mayda “Ko'p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish jarayonini tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi qarori qabul qilindi.
Milliy matbuot markazida bo'lib o'tgan tadbirda aytilishicha, ko'p kvartirali uylarni ulush kiritish asosida qurish uchun jismoniy va yuridik shaxslar (ulushdorlar)ning mablag'larini jalb qilish faqat yuridik shaxs maqomiga ega bo'lgan va ulush kiritish asosida qurish uchun mablag'larni jalb etuvchi quruvchilarning elektron ro'yxatiga kiritilgan quruvchilar tomonidan amalga oshiriladi. Mablag'larni jalb qilish uchun quruvchi va ulushdor o'rtasida shartnoma tuziladi va belgilangan tartibda hisobga qo'yiladi.
Ushbu me'yoriy hujjatga ko'ra, quruvchilar qurilish-montaj ishlarini o'z kuchi bilan yoki qurilish-pudrat tashkilotlarini (bosh pudratchini) jalb qilgan holda amalga oshirishi mumkin. Bunda bosh pudratchi qurilish-montaj ishlarini olib borish uchun ishlar (xizmatlar) qiymatining kamida 30 foizini o'z kuchi bilan bajarish sharti asosida subpudrat tashkilotlarini jalb qilishi mumkin. Qurilish vazirligida ulush kiritish asosida quruvchilarni ro'yxatdan o'tkazish bo'limi tashkil qilinib, quruvchilarni ro'yxatdan o'tkazish uchun www.rd.ms.uz elektron platforma ishga tushirildi. Barcha hududlarda uy-joy quruvchilariga ulush kiritish asosida qurish bo'yicha shartnomalarni ro'yxatdan o'tkazish yuzasidan ogohlantirish xatlari yuborilgan.
— Jami 44 ta quruvchi tashkilot ro'yxatdan o'tdi, — dedi Qurilish vazirligi boshqarma boshlig'i Sherzod Sodiqov. — Ular bilan tizimli monitoring tashkil qilinib, muntazam aloqalar yo'lga qo'yildi. Hududlarda ro'yxatdan o'tmagan tadbirkorlarga barcha hududiy Qurilish bosh boshqarmalari tomonidan ogohlantirish xabarnomalari yuborilmoqda. O'z navbatida, 75 nafar ulushdorning huquqiy munosabatlari shartnomalarini ro'yxatga olish orqali tartibga solishga erishildi. Ulish kiritish asosida qurishning yana bir afzal tomoni, ulushdorlarning mablag'lari quruvchining har bir qurilish majmuasi bo'yicha alohida bank hisobvarag'ida jamlanishidir. Ya'ni faqat quruvchi va ulushdorlar o'rtasida tuzilgan shartnomalar bo'yicha majburiyatlarni bajarish maqsadlari uchun yo'naltiriladi. Quruvchining boshqa qurilishlariga ajratilmaydi.
Ma'lumot o'rnida aytish kerakki, 2020 yilning shu kuniga qadar qurilish sohasini tartibga soluvchi 10 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Joriy yilning 1 noyabr holatiga ko'ra, respublika bo'yicha qurilish sohasida faoliyat yuritayotgan korxona va tashkilotlar soni 40 300 tani tashkil etmoqda. Mazkur qaror sohadagi qurilishni oxirigacha olib bormaslik, aholining turli aldanib qolishi kabi holatlarning oldi olinadi. Bir so'z bilan aytganda quruvchi tashkilot va aholi o'rtasidagi munosabatlar tartibga solinadi.
Sohiba MULLAEVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri









