“Endi shu yerda ishlab, yurtimdan bir qadam ham uzoqlashmayman”

    Viloyatda bu yil 1 600 ta fermer xo'jaligi tomonidan 67 750 gektar maydonda bug'doy yetishtirildi.

    Yoz fasli kelib, bug'doy o'rimi boshlanadigan avvalgi yillarni yaxshi eslaymiz. Takroriy ekin mavsumi uchun daladagi erlar taqsimoti tor doirada, pala-partish hal qilib yuborilardi. Ya'ni, yer egasi o'ziga qarashli kishilarga maydonni bo'lib yoki boshqalarga sheriklikka berardi. Imkoni yo'qlar shunga ham erisholmasdi yoxud turli shartlarga ko'nib, dehqonchilik qilishga rozi bo'lardi. Endi esa hammasi joyiga tushyapti, yer munosabatlari tartibga solinyapti.

    Ayni kunlarda respublikamizning barcha hududlarida g'alla o'rimi qizg'in pallaga kirgan. G'alladan bo'shagan erlarni olib, foydalanish istagidagi insonlar ham oz emas. Ammo, endi bu boradagi tartib avvalgidek o'zboshimchalik bilan amalga oshirilmaydi. Prezidentning joriy yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta'minlash, yerga bo'lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoniga muvofiq joylarda aholiga yer maydonlari 3+1 dasturi asosida ajratilmoqda. Bu orqali xalqimiz, ayniqsa, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan ishsiz fuqarolar, yerga ehtiyojmandlarga takroriy ekin ekish orqali qo'shimcha daromad topish imkoniyati yaratilyapti.

    Namanganda ham bu jarayonlar qizg'in tarzda, ko'tarinki ruh va uyushqoqlik bilan olib borilyapti. Viloyatda bu yil 1 600 ta fermer xo'jaligi tomonidan 67 750 gektar maydonda bug'doy yetishtirildi. Har gektaridan qariyb 70 tsentnerdan, jami 470 ming tonnadan ortiq don olinishi rejalashtirilgan. Hosildan bo'shagan maydonlar esa peshma-pesh haydalib, ikkinchi ekin ekilyapti. Viloyatda hozirgacha g'allasi o'rib olingan 2 500 gektardan oshiq maydonda dukkaklilar, sabzavot, sholi, poliz, ozuqa urug' va ko'chatlarini qadash boshlab yuborildi.

    — O'rim oldidan barcha tumanlar rahbarlari ishtirokida agroseminarlar o'tkazdik. Mutaxassislar va qishloq xo'jaligida uzoq yillar tajriba to'plagan oqsoqollar bilan yetilgan bug'doyning sifati, boshoqlarning bo'liqligini ko'zdan kechirdik, — deydi viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov. — Mutasaddilarga g'allani nest-nobud qilmasdan yig'ishtirib olish, qolaversa, hosildan bo'shagan maydonlarni somon qoldiqlaridan tozalab, zudlikda haydovini o'tkazish va kuzgi dukkakli ekinlarni ekish bo'yicha topshiriqlar berdik. Yerdan samarali foydalanish lozimligi alohida ta'kidlandi.

    Hokimliklarning axborot xizmatlari bilan bog'lanib, bajarilayotgan ishlar to'g'risida qiziqdiq. To'raqo'rg'on tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Zohidaxon Kenjayevaning aytishicha, hududda bu yil 91 nafar fermer tomonidan 4 880 gektar maydonda g'alla yetishtirildi, ular 14 110 tonna sara don etkazib berishga ahd qilishgan. 1 080 gektar hosildan bo'shagan yer “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da turadiganlar, dehqon xo'jaliklari a'zolari, suvchi, pillakor, chopiqchi, xullas, ishsiz va kam daromadli fuqarolarga ajratilyapti. Shu tariqa tumanda qariyb 10 ming kishining bandligi ta'minlanmoqda.

    “Qo'rg'oncha oq oltini” fermer xo'jaligining 6 gektar maydoni ham shu atrofda yashaydigan aholiga topshirildi. Ular o'sha kuniyoq tuproqqa mosh urug'ini qadab, suv tarash, yerni bug'doy ildizlaridan tozalashga kirishib ketdi. Yerni haydashdan tortib, urug' ekishgacha bo'lgan jarayonlarni fermer beminnat va xolisona o'z zimmasiga oldi.

    — Oilada 5 kishimiz. Rossiyada qurilish sohasida ishlab yurardim. To'g'risi, 300-400 dollar topganim bilan yaqinlardan uzoqda bo'lish juda og'ir, — deydi “Chustko'prik” mahallasida yashovchi Toirjon Usmonjonov. — Biror ish topilsa, yurtimdan bir qadam ham yiroqlashmayman, deb niyat qilardim. Mana, birinchilar qatorida 20 sotix yerli bo'ldim. Mosh ekdim, bu joydan 400 kilogramgacha hosil olish mumkin. Bir kilogramm moshning narxi bozorda 14-15 ming so'm. Demak, ikki oyda 5-6 million so'm daromad olishim, yana poyasi bilan chorva mollarini boqib, qo'shimcha mablag' topishim mumkin.

    Tumandagi “Shohsulton diyori” fermer xo'jaligi tomonidan 16 ta, “Namangan to'qimachi” agroklasteri tomonidan esa 20 ta ehtiyojmand oilaga ro'zg'orlari daromadini oshirishga ko'maklashish uchun yer berildi. Ular mosh, loviya, makkajo'xori, yeryong'oq ekib, xorijga eksport ham qilishmoqchi. Suhbatdoshlarimiz fuqarolarining g'amini yeydigan yurt rahbaridan va hokimlardan minnatdor. Hisob-kitobni puxta qilgan Kichik Qo'rg'onchalik O'tkirbek Turg'unov ham endi dehqonchilikka astoydil kirishib, ro'zg'orini farovon etmoqchi. U bo'sh qoldi, deguncha dalaga shoshayotganini yerga mehr berib, siylanmoqchiligi bilan izohlaydi.

    Joriy yilda Uychi tumanida 6 425 gektar maydonda g'alla yetishtirildi. Gektaridan 63 sentnerdan hosil olib, 40 878 tonna don xirmoni ko'tariladi, 18 635 tonnasi davlatga sotiladi. 3-sektorda joylashgan “Orolobod” fermer xo'jaligida g'alla o'rim-yig'imi tugagach, “Guliston” MFYda yashovchi 35 ta oilaga 20 sotixdan yer maydoni ajratib berildi.

    — Ishsiz edim, “Ayollar daftari”da turaman. Uyimga yaqin joydan 20 sotix yer berishdi, dehqonlardan maslahat so'radim. Mosh ekib, oilam daromadiga hissa qo'shmoqchiman. Ayni ishlaydigan quyoshli kunlarda fursatdan foydalanib qolish kerak. Bizga berilayotgan shunday imtiyozlardan juda xursandman, minnatdorligim cheksiz, — deydi Uychi tumani, “Guliston” mahallasida yashovchi Feruza Jo'rayeva.

    Mingbuloq tumanida ham 2021-yil g'alla hosilidan bo'shagan 9 085 gektar yerni ehtiyojmand va ishsizlarga ekin ekish uchun berish orqali 35 mingdan ortiq fuqaroning mavsumiy mehnat bilan bandligini ta'minlash ko'zda tutilgan. Bugungi kunda 2-sektorda joylashgan “Istiqbol”, “Xorazm” fermer xo'jaliklarida 100 ta oilaga 25 sotixdan yer maydoni ajratildi. “Oqqum” mahallasida yashovchi 25 ta oilaga “Sohibqiron” fermer xo'jaligidan 25 sotixdan yer maydoni taqsimlandi.

    Namangan tumanida “Temir daftar”, “YOshlar daftari”, “Ayollar daftari”dagi ehtiyojmand 107 nafar oilaga “Vodiy iftixori” fermer xo'jaligidan 20 sotixdan ekin ekish uchun yer maydonlari bo'lib berildi. Ularning bari ro'zg'orda zarur bo'ladigan oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishni maqsad qilgan. Zero, mahsulot qancha ko'p yetishtirilsa, bozorlarda uning tannarxi arzonlashadi. Bu esa yurtdoshlarimizga yanada qulaylik yaratadi.

    Aholiga yer ajratish ularning bandligini ta'minlashning bir qismi xolos. Prezidentimiz tomonidan mutasaddilarga yer olgan aholiga urug' va ko'chatlar yetkazib berish, yetishtirilgan mahsulotlarni sotib olishni moliyalashtirish bo'yicha ko'rsatmalar berilgan. Norin tuman hokimligi axborot xizmatining yozishicha, barcha yo'nalishlardagi klasterlarga, eksportyor korxonalar va tomorqa xizmatiga takroriy ekin ekadigan aholini biriktirish bo'yicha to'rtta sektor tomonidan bir qator amaliy ishlar yo'lga qo'yildi. Xususan, tumanda mavjud 266 ta fermer xo'jaligida 1000 ta kontur mavjud bo'lib, ulardan 8 632 gektari g'alla maydonidan iborat, 8 907,3 gektari esa takroriy ekin ekishga mo'ljallangan. Barcha sektorlardagi 8 894 nafar kam ta'minlangan va ishsiz aholiga 1 780 gektar yer maydoni biriktirilgan. 3-sektorda joylashgan “Qobiljon Mushtariy” fermer xo'jaligidan Yuqori Cho'ja mahallasida yashovchi 25 nafar ishsiz fuqaroga sektor rahbarlari tomonidan 20 sotixdan yer maydoni topshirildi. “Norin fayzli chorva”, “Norinlik G'ayratjon” fermer xo'jaliklarida 36 nafar kishiga ro'zg'orlari daromadini oshirishga ko'maklashish uchun 20 sotixdan yer ajratildi.

    Pop tumanining 3-sektoridagi “Rais Ziynat” fermer xo'jaligida 2021-yil hosili uchun ekilgan g'alla maydonlaridan bo'shagan ekin yer maydonlarini hududdagi 50 nafar “Temir daftar”, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari” ro'yxatida bo'lgan hamda ekin ekishga ehtiyoji bo'lgan fuqarolarga 0,20 gektardan ajratib berildi. Shu kunlarda bug'doydan bo'shagan maydonni maqsadli taqsimlash yumushlari davom etyapti.

    Har kuni yon-atrofdan xushxabarlar eshitiladi. Chust tumanidagi “O'zbekiston” MMTP hududi davlatga g'alla sotish rejasini bajardi. G'allakorlar 881 gektar maydondan 2 143 tonna o'rniga 2 400 tonna boshoqli donni davlat omborlariga topshirib, 112 foizni qayd etishdi.

    — “Yoshlar daftari”ga kiritilganman. Istagimni aytganimda menga ekin ekishim uchun unumdor yer va buni tasdiqlovchi sertifikat ham topshirishdi, — deydi quvonch bilan Chust tumani, “Yangier” MFY fuqarosi Saodat G'iyosova. — Xursandchilik ko'z yoshimni tiyolmayapman, xayrli tashabbusni joriy etgan hurmatli Prezidentimizga ko'pdan-ko'p tashakkur bildiraman. Dilimga tugdimki, ekinlarga yaxshilab qarayman, mehr bilan o'stiraman. Ishonchni oqlashga harakat qilaman, sharoit hozirlayotgan barcha tashkilotchilarning boshi omon bo'lsin.

    Chortoq tumanidagi “Akramboy mirishkori” hamda “Asqarali orzusi” fermer xo'jaliklari ham marraga ortig'i bilan etishdi. Demak, endi xirmoni tog' qadar yuksalgan va yuzi yorug' bo'lgan mazkur hududlarda yerdan samarali foydalanish ijrosiga alohida e'tibor qaratiladi.

    Orifjon JO'RAYEV,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri