Sud ekspertlari maxsus navbatchi avtotransport vositasidan foydalanishi yoʻlga qoʻyildi

    Sud ekspertlari voqea joyiga chiqishda maxsus navbatchi avtotransportdan foydalaniladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

    Xabarda qayd etilishicha, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazida faoliyat yurituvchi sud ekspertlariga voqea sodir boʻlgan joyga chiqib obyektlarni tezkorlik bilan koʻzdan kechirish, ish uchun ahamiyatli ashyoviy dalillarni qidirish, aniqlash, olish va tadqiqotlarni olib borish taʼminlash maqsadida maxsus navbatchi avtotransport vositasidan foydalanishi yoʻlga qoʻyildi.

    Sud ekspertlari zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan mazkur avtotransport yordamida asosan sud-avtotexnika ekspertizasi, yongʻin texnik ekspertizasi, sud qurilish texnikaviy ekspertizasi, sud-trasologik ekspertizasi hamda odam DNKsi sud-biologik ekspertizasi boʻyicha ekspertiza tadqiqotlarini ham oʻtkaza oladi.

    Shuningdek, mashina ichidagi jihozlar xulosalarni rasmiylashtirishga ham imkon yaratadi.