Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan — “Sudlar mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida sohaga doir muhim yangiliklar oʻz ifodasini topmoqda.
Xususan, sudlar raislarining mahalliy Kengashlarga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoida bekor qilinmoqda. Shu munosabat bilan sudlarga har chorakda oʻz faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilikni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borishi belgilanmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi orqali sud hokimiyatining mustaqilligi toʻlaqonli taʼminlanishi uchun kafolatlar yanada mustahkamlanadi. Shu bilan birga, sudyalarga odil sudlovni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlmagan har qanday vazifalar yuklatilishining oldi olinib, jamiyatning sudlar faoliyati toʻgʻrisida muntazam axborot olib borishi uchun qatʼiy huquqiy asos yaratiladi.
Ayni paytda Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan ushbu qonun loyihasi quyi palataning navbatdagi majlisida koʻrib chiqilishi uchun rejalashtirilmoqda.