Endi xizmat avtotransportlari sunʼiy yoʻldosh kuzatish tizimi (GPS navigator) orqali nazorat qilinadimi?

    Bu haqda “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori regulation.gov.uz portaliga (ID-20761) joylashtirildi.

    Unga koʻra, xizmat avtotransportlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan:

    - davlat hokimiyati va respublika davlat boshqaruvi organlarida, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarida birinchi rahbarlar hamda ularning oʻrinbosarlariga;

    - vazirlik, davlat qoʻmitalari va idoralar huzuridagi davlat organlarida hamda davlat boshqaruvi organlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boʻlinmalarida birinchi rahbarlarga shaxsan biriktirilishi belgilangan.

    Shuningdek, bu qaror qabul qilinsa, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlarini

    a) yangisiga almashtirish undan kamida 5 yil foydalanilgandan soʻng amalga oshiriladi (foydalanishga yaroqsiz holga kelgan avtotransportlar bundan mustasno). Bunda avtotransportning texnik holati, undan foydalanish xavfsizligi, shuningdek, yangisiga almashtirishning iqtisodiy maqsadi inobatga olinishi lozim;

    b) Qoraqalpogʻiston Respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlaridan mablagʻ oluvchi tashkilotlar tomonidan – tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishgan holda tegishli byudjetlardan ajratilgan mablagʻlar doirasida sotib olinadi yoki ijara boʻyicha jalb etiladi, shuningdek, xizmat avtotransportlariini sotish faqat “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida auksion savdolari orqali amalga oshiriladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-yanvarga qadar:

    - davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qoʻllash orqali xizmat avtotransportlarini sunʼiy yoʻldosh kuzatish tizimidan (GPS navigator) foydalanib nazorat qilish;

    - tashkilotlar kesimida xizmat avtotransportlari soni, yoʻl bosish yillik limitining belgilangan meʼyorlarga muvofiqligini, yonilgʻi sarfi, avtomobil markasi va ishlab chiqarilgan yili hisobini yuritish imkoniyatini beruvchi dasturiy taʼminot ishlab chiqishi va amaliyotga joriy etishi belgilanadi;

    - shu bilan birga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xizmat avtotransportlarining soni, yoʻl bosish yillik limitining belgilangan meʼyorlarga muvofiqligini doimiy monitoring qilib borsin hamda uning natijalarini har chorak yakuni boʻyicha oʻzining rasmiy veb-saytida joylashtirib boradi.

    2021-yil 1-yanvardan boshlab davlat hokimiyati (mahalliy davlat hokimiyati organlari bundan mustasno) va respublika davlat boshqaruvi organlarida:

    - xizmat maqsadlarida, shu jumladan xorijiy delegatsiyalar va mehmonlarga xizmat koʻrsatish autsorsing shartlari asosida avtobus, taksi va boshqa maxsus transport vositalari xizmatlaridan foydalanish tizimi joriy etiladi. Bunda, ushbu organlar tomonidan avtobus, taksi va boshqa maxsus transport vositalari xizmatlarini jalb etish davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi;

    - xizmat avtotransportlari Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan beriladigan davlat organining nomi aks ettirilgan maxsus emblema (gologramma) bilan jihozlanadi;

    - xizmat avtotransportlaridan faqat xizmat maqsadlarida foydalanilishi jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadi hamda xizmatdan tashqari maqsadlarda foydalanish holatlari aniqlanganda, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining maxsus veb-portaliga, shuningdek, maxsus mobil dasturiy taʼminotiga foto va video materiallarni joylashtirish orqali xabardor qilinadi.

    Qarorning toʻliq varianti bilan regulation.gov.uz portali orqali tanishishingiz mumkin. Muhokama shu yilning 27-avgustigacha davom etadi.