Unda ikki mamlakat vazirlik va idoralari hamda diplomatik vakolatxonalar rahbarlari ishtirok etdi. Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida vazir A.Toshqulov ham qatnashdi.

Tadbirda Oʻzbekiston va Vengriya vakillari savdo-iqtisodiy, bank-moliya va madaniy-gumanitar, shu jumladan oliy taʼlim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.

Yigʻilish davomida Vengriya Oʻzbekiston bilan strategik hamkorlik oʻrnatgan eng birinchi Yevropa davlati ekanligi alohida qayd etildi.

Tomonlar taʼlim va ilm-fan sohasida oʻzaro aloqalarga toʻxtalib, 2021-yilda oʻtkazilgan Oʻzbekiston-Vengriya rektorlar forumi ushbu sohadagi hamkorlik aloqalarini kengaytirish uchun muhim platforma vazifasini oʻtaganini alohida taʼkidlashdi. Shuningdek, Vengriyaning Debretsen universiteti filiali faoliyatini yoʻlga qoʻyish, taʼlim dasturlarini Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalariga joriy etish kabi masalalarda ham oʻzaro fikr almashildi.

Shundan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi oʻrtasida Oʻzbekiston fuqarolari uchun Vengriya tomonidan har yili ajratib kelinayotgan taʼlim grantlari sonini koʻpaytirish boʻyicha kelishuvga erishilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Maʼlumot oʻrnida, 2020-yilda imzolangan tegishli memorandumga koʻra, Vengriya hukumati tomonidan Oʻzbekiston fuqarolariga ushbu xorijiy mamlakat oliy taʼlim muassasalarida bakalavr, magistratura va doktorantura bosqichlarida oʻqish uchun yiliga jami 100 tadan taʼlim grantlari ajratib kelinmoqda edi.

Hujjatlarni imzolash marosimida yuqoridagi kelishuvga muvofiq Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A. Toshqulov va Vengriya Tashqi ishlar va savdo vaziri P. Siyyarto “2020-2023-yillarda Vengriya stipendiyalari (“Stipendium Hungaricum”) dasturi doirasidagi hamkorlik boʻyicha anglashuv memorandumiga oʻzgartish kiritish toʻgʻrisida bayonnoma”ni imzoladilar.

Unga koʻra 2023/2024 oʻquv yilidan boshlab, Vengriya tomonidan har yili ajratilayotgan taʼlim grantlari soni 100 tadan 170 taga koʻpaymoqda.