Endilikda 18 yoshga toʻlmagan va 60 yoshdan oshgan shaxslar pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortilmaydi

    Senatning uchinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Amaldagi “Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilinishi lozim boʻlgan shaxslar – Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining roʻyxati toʻgʻrisida”gi Qonun bilan oʻrnatilgan ayrim cheklovlar fuqarolarning respublikamiz hududida erkin harakatlanishi, yashash joy va kelgan joyni tanlash boʻyicha konstitutsiyaviy huquqlaridan toʻlaqonli foydalana olmasliklariga sabab boʻlmoqda.

    Bundan tashqari, doimiy yashash yoki vaqtinchalik turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish tartibi respublika boʻyicha bir xil emasligi fuqarolarni Toshkent shahri va viloyatida doimiy yoki vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazishda byurokratik toʻsiqlarni yuzaga keltirmoqda.

    Jumladan, 2024-yilning 11 oyi davomida Toshkent shahrida 243 197 nafar va Toshkent viloyatida 271 541 nafar fuqaro doimiy yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan.

    Fuqarolar doimiy roʻyxatdan oʻtishlari uchun amaldagi Qonun bilan tasdiqlangan roʻyxatda keltirilgan toifalarga mansubligini tasdiqlovchi qoʻshimcha hujjatlarni, yaʼni tugʻilganlik, nikoh, vasiylik toʻgʻrisidagi guvohnoma va boshqa hujjatlarni taqdim etib kelishmoqda.

    Fuqarolarning doimiy yashash va vaqtincha roʻyxatga olinganligi haqidagi maʼlumotlardan aholi soni statistikasini va hududlar infratuzilmasini shakllantirishda, fuqarolarni taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimlarida hamda ijtimoiy himoya sohasida qoʻllab-quvvatlashda, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish va unga qarshi kurashishda keng foydalaniladi.

    Senatorlar tomonidan qizgʻin muhokama qilingan Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning yashash joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtishlari va turar joyi boʻyicha xabardor qilishlari, ularni yashash va turgan joy boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish sohasidagi asosiy prinsiplar hamda tushunchalar belgilanmoqda.

    Shuningdek, IIVning yashash joyi va turgan joy boʻyicha roʻyxatdan oʻtkazish sohasidagi vakolatlari belgilanmoqda.

    Fuqarolarga hamda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish uchun oʻzlariga qulay boʻlgan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalari, davlat xizmatlari markazlari orqali shaxsan hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn tarzda murojaat qilish imkoniyati yaratilmoqda.

    “Ye-xabar berish” tizimi joriy etilib, turar joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtishga murojaat qilgan Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazish hamda ularning hisobini yuritish mazkur tizim orqali amalga oshirilishi belgilanmoqda.

    Fuqarolarning yashash joyi boʻyicha roʻyxatga qoʻyilmasdan istiqomat qilish muddati 15 kundan 10 ish kunigacha qisqartirilib, fuqarolar va turar joy egalarining oʻz vaqtida yashash joyi va turgan joyi boʻyicha roʻyxatdan oʻtish borasidagi masʼuliyati oshirilmoqda.

    Pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar huquqbuzarliklarning ijtimoiy xavflilik darajasidan kelib chiqqan holda maqbullashtirilib, ularning aniq miqdori belgilanmoqda.

    Bundan tashqari, Qonun bilan 18 yoshga toʻlmagan va 60 yoshdan oshgan shaxslar pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortilmasligi toʻgʻrisidagi yangi qoida kiritilmoqda.

    Qonunning qabul qilinishi bilan aholining erkin harakatlanishiga oid konstitutsiyaviy huquqi taʼminlanadi. Qonun huquqni qoʻllash amaliyotida ortiqcha byurokratiyaning hamda korrupsion holatlarning oldini olishga xizmat qiladi.

    Muhokamadan soʻng Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.