Endilikda ayollar ham yo‘lovchi avtobuslarni boshqarishi mumkin

    Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, ayollarga yuk avtomobillari va avtobuslarni boshqarish bo‘yicha cheklov olib tashlandi.

    Transport vazirligining ma’lum qilishicha, “C“ yoki ”D“ toifalariga oid avtotransport vositalarini boshqarish uchun ayollarga yuk avtomobillarini yoki avtobuslarni boshqarish Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi tomonidan belgilangan muayyan cheklashlar asosida ruxsat etilishi belgilangandi.

    Endilikda ayollarga yuk ko‘tarishi 2,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillarini boshqarish, yo‘lovchilarning soni 14 kishidan ortiq bo‘lgan avtobuslarni boshqarish uchun huquqiy asos yaratildi.

    Eski normalarning bekor qilinishi bilan ayollarga qo‘shimcha kasb va sohalarda mehnat faoliyatini olib borishi uchun huquqiy asos mustahkamlandi. Shuningdek, transport sohasida gender tenglikni ta’minlash va katta sig‘imli avtobuslarni (elektrobus) boshqarishga ayollarni jalb etish imkoniyati yaratildi.