"Qonun bilan davlat fuqarolik xizmatchilarining lavozimlari “siyosiy” (vazir, rais, direktor va boshqa), “boshqaruv” (departament, boshqarma va boʻlim boshliqlari) va “yordamchi” (mutaxassis, inspektor va konsultantlar) guruhlarga boʻlinmoqda.

Birinchidan, ularga tayinlanishning aniq qoidalari belgilanmoqda, shunga koʻra, davlat fuqarolik xizmatiga ilk marotaba kirayotgan nomzodlar ochiq mustaqil tanlov asosida “yordamchi” guruhga mansub lavozimlarni egallaydilar;

Ikkinchidan, davlat fuqarolik xizmatida xizmat pogʻonalarida koʻtarilish ichki tanlovlar asosida amalga oshiriladi;

Uchinchidan, “boshqaruv” guruhiga mansub lavozimlarni egallagan davlat fuqarolik xizmatchilari kelgusida “siyosiy” lavozimlarga tayinlanish uchun milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi;

Toʻrtinchidan, “yordamchi” guruhiga mansub eng quyi lavozimdan tashqari barcha lavozimlarni egallashning asosiy sharti bu - malaka oshirish sertifikatiga ega boʻlish, yaʼni tegishli bilim va koʻnikmalarni shakllantirish qonun bilan belgilanmoqda;

Beshinchidan, uzluksiz kompetensiyalarini oshirib borish barcha darajadagi davlat fuqarolik xizmatchilari uchun majburiy etib belgilanmoqda.

Davlat organlarida xizmat pogʻonalarida koʻtarilish (karyera modeli)ning yuqorida qayd etilgan mezonlar asosida belgilanishi, eng avvalo, xizmatchilar orasida malaka oshirish va yuklatilgan vazifalar ijrosini yuqori sifat bilan bajarishga ragʻbatlantiradi hamda raqobatli mehnat bozorida davlat fuqarolik xizmatining nufuzini yanada oshiradi."