Endilikda muvofiqlik to‘g‘risidagi xulosa olish uchun elektron ariza berish mumkin 

    Hukumat qarori bilan Bino (inshoot) va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

    Reglamentga ko‘ra, bino (inshoot) va xonalarning yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa Favqulodda vaziyatlar vazirligining davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali beriladi.

    Shunga ko‘ra, ariza beruvchi (jismoniy yoki yuridik shaxs) DXMga o‘zi kelib yoki YAIDXP orqali ro‘yxatdan o‘tgan holda murojaat qiladi.

    So‘rovnoma kelib tushgach, vakolatli organ bino va xonalarni 10 ish kuni ichida normativ-huquqiy hujjatlarga va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga asosan joyiga chiqqan holda ko‘rib chiqadi.

    Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun BHMning 10 foizi (30 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. YAIDXP orqali murojaat etilganda mazkur miqdor 27 ming so‘mni tashkil etadi.

    Jismoniy shaxslar YAIDXP orqali murojaat etgan taqdirda, so‘rovnomani elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydi.

    Shuningdek, qaror bilan Radiotexnik inshootlarni o‘rnatish va ulardan foydalanish uchun sanitariya pasportini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

    Bunda radiotexnik inshootning sanitariya pasporti aholi yashash joylari istiqbolli rivojlantirilishi hamda sanitariya muhofaza zonasi o‘zgarishi inobatga olingan holda 3 yil muddatga beriladi.

    So‘rovnoma kelib tushgach, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari 14 kun muddatda radiotexnik inshootlarning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqligini joyiga chiqqan holda ko‘rib chiqadi.

    Davlat xizmati ko‘rsatilgani uchun BHMning 2 baravari (600 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.