Farmon bilan barcha davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxati (33 ta) tasdiqlandi.
Farmonga koʻra, davlat organlari va tashkilotlari oʻz faoliyatiga oid hisobotni har yili:
- 1-martgacha veb-saytlariga joylashtirib, 10-martgacha uni jamoatchilik ishtirokida muhokama etish haqida xabar beradi;
- 1-aprelgacha hisobotni keng jamoatchilik ishtirokida muhokama etish uchun matbuot anjumanlarini oʻtkazadi.
2021-yil 1-iyuldan quyidagilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Ochiq maʼlumotlar portaliga (Portal) va davlat organlari va tashkilotlari veb-saytlariga joylashtirilib, har chorakda yangilab boriladi:
● amalga oshirilgan davlat xaridlari;
● mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari;
● Prezident, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar;
● oʻzlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi.
Farmonga koʻra, quyidagi imtihonlarni oʻtkazish jarayonini Internetda jonli efirga uzatish tartibi joriy etiladi:
● OTMning bakalavriat va magistratura imtihonlari;
● oʻqishni koʻchirish bilan bogʻliq imtihonlar;
● nostrifikatsiya test sinovlari.
2021/2022 oʻquv yili qabuligacha imtihonlarni Internetda jonli efirga uzatishni taʼminlaydigan, barcha foydalanuvchilar uchun ochiq boʻlgan “imtihon.uz” veb-platformasi ishga tushiriladi.