Bu Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik maʼlumotlardan foydalanishni kengaytirish va qishloq xoʻjaligi quyi boʻgʻinida boshqaruv tizimini takomillashtirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmonida alohida qayd etildi.

Shuningdek, Farmonga koʻra, Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan ekologiya sohasida mavjud chiqindilarni saqlash joylarida belgilangan hududdan tashqariga chiqish, shuningdek, noqonuniy yangi chiqindi zonalari hosil boʻlishi bilan bogʻliq huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash maqsadida yiliga kamida 3-marta davlat kosmik monitoringi oʻtkaziladi.

Shuningder, 2026-yildan boshlab har yil yakuniga qadar respublika boʻyicha daraxtzorlarning noqonuniy kesilishini kosmik monitoring qilinadi.

Qolaversa, 2026-yildan sinov tariqasida Toshkent viloyati Boʻka tumanidagi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari holati aerokosmik monitoringdan oʻtkaziladi. Shu bilan birga, Surxondaryo viloyatida quyosh panellarini joylashtirish va yuqori samaradorlikka erishish imkoniyati mavjud boʻlgan maydonlar aniqlanadi. Transport sohasida esa Toshkent–Angren yoʻnalishidagi temir yoʻlda aerokosmik monitoring amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, 2026-yil 1-iyuldan hududlarda “Oʻzbekkosmos” agentligining aerokosmik maʼlumotlaridan samarali foydalanish holati boʻyicha mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralar reytingini yuritish yoʻlga qoʻyiladi.

Qolaversa, 2026-yil 1-martdan boshoqli don ekinlaridan boʻshagan yer maydonlarida somonpoyalar va ularning qoldiqlarini yoqish kabi salbiy holatlarga chek qoʻyishga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

Farmonda, shu bilan birga, energetika, transport, avtomobil yoʻllari, kosmik taʼlim va suv xoʻjaligi sohalarida amalga oshirilishi lozim boʻlgan chora-tadbirlar belgilab berilgan. Xususan, 2026-yil 1-oktyabrga qadar Surxondaryoda quyosh panellarini joylashtirish va yuqori samaradorlikka erishish imkoniyati mavjud boʻlgan maydonlar oʻrganiladi.

Barcha maʼlumotlar Agentlikning “Space Gov Monitoring” (SGM) markazlashgan yagona platformasiga kiritib boriladi va huquqbuzarliklar boʻyicha koʻrilayotgan choralar doimiy monitoring qilinadi.