Endilikda poytaxtliklar “103” brigadalarini onlayn kuzatib boradi

    Respublika tez tibbiy yordam markazi tomonidan ilk bor “103” brigadalari harakatini real vaqt rejimida onlayn kuzatib borish yoʻlga qoʻyildi.

    Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.

    Ushbu tajriba-sinov loyihasiga koʻra, endilikda poytaxt aholisi tez tibbiy yordam brigadalarining qayerda ekanligi va qancha vaqtda chaqiruv manziliga yetib borishini onlayn kuzatib turishlari mumkin.

    Yangi loyiha “Yandex Uzbekistan” kompaniyasining texnologik yechimi asosida amalga oshirilib, “103” brigadasi harakatlari brauzerda elektron xarita orqali, yaqin kelajakda esa “Yandex Go” mobil ilovasi yordamida kuzatib boriladi.

    Unga koʻra, “Tez yordam”ga murojaat qilingandan soʻng, tizim avtomatik ravishda brigadaning harakati real vaqt rejimida koʻrsatiladigan elektron xaritaga havola orqali SMS-xabar yuboradi.

    Loyihaning keyingi bosqichida foydalanuvchilar “Yandex Go” mobil ilovasidan brigadaning joylashuvi va uning taxminiy kelish vaqti toʻgʻrisida push-bildirishnoma orqali xabardor boʻladi. Qolaversa, ushbu maʼlumotni toʻgʻridan-toʻgʻri ilova orqali ham olsa boʻladi.

    Ushbu yangilik, eng avvalo, tez tibbiy yordam tizimida shaffoflikni taʼminlash va dispetcherlarning ish yuklamasini kamaytirishga xizmat qiladi, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov. — Hozirda bu yechim Toshkent shahrida shoshilinch chaqiruvlar uchun amal qiladi, biroq keyinchalik loyihani kengaytirishni maqsad qilganmiz.

    Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, Respublika tez tibbiy yordam markaziga mamlakatimiz boʻylab har kuni oʻrtacha 40 mingga yaqin chaqiriq kelib tushadi. Ularning 60 foizini esa shoshilinch murojaatlar tashkil etadi.