Hujjatga muvofiq, 2 ta kodeks va 4 ta qonunga muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, Oila kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi hamda «Vasiylik va homiylik to‘g‘risida»gi qonunlarga «bolaning eng ustun manfaatlari» tamoyili kiritildi. Ushbu tamoyil BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga muvofiq bo‘lib, bir qator xorijiy davlatlar qonunchiligida ham qo‘llaniladi.

Shuningdek, «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari jabr ko‘rgan shaxslar manfaatlarini ko‘zlab davlat boji to‘lamasdan sudga murojaat qilishi hamda ularning manfaatlarini sudda vakolatli vakil orqali himoya qilishi mumkin bo‘ladi.

Yangi tartibga asosan, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxs reabilitatsiya markaziga joylashtirilganda uning ish joyi (lavozimi) saqlab qolinadi. Shu bilan birga, bir oygacha bo‘lgan muddatga mehnatga layoqatsizlik varaqasini rasmiylashtirish uchun huquqiy asos yaratildi. Bu orqali davlat ijtimoiy sug‘urtasi mablag‘lari hisobidan tegishli nafaqalar tayinlanib, jabr ko‘rgan shaxslarning og‘ir hayotiy vaziyatda daromadsiz qolishining oldi olinadi.

Bundan tashqari, «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilgan o‘zgartishlarga muvofiq, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi tashkilotlar ham fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod etiladi.

Ma’lumot uchun, 2024–2025 yillar hamda 2026 yilning dastlabki to‘rt oyida reabilitatsiya markazlariga joylashtirilgan xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida «Inson» markazlari tomonidan sudlarga 1413 ta ariza kiritilgan.

Mazkur qonun bolalar hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini yanada samarali himoya qilish, ularning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va ijtimoiy himoya tizimining huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi.