Endilikda Toshkent davlat stomatologiya instituti bitiruvchilarining diplomi jahon miqyosida tan olinadi.
Mazkur xalqaro akkreditatsiya Oʻzbekistondagi taʼlim dasturlarining xalqaro sifat standartlariga mosligini baholash jarayoni boʻlib, Oliy taʼlim sifati kafolati Yevropa assotsiatsiyasi (ENQA) aʼzosi va Sifat kafolati agentliklari Yevropa reyestrida (EQAR) mavjud mustaqil xorijiy agentlik tomonidan oʻtkazildi.
Bu eʼtirof institut jamoasi uchun xalqaro taʼlim maydonida imkoniyatlarni kengaytiradi. Xususan, taʼlim dasturlarining dunyo hamjamiyati tomonidan tan olinishi, xorijiy OTMlar bilan hamkorlik oʻrnatish va rivojlantirish, taʼlim jarayonlari oshkoraligi va ochiqligini taʼminlash, bitiruvchilar kompetentligini oshirishga xizmat qiladi.
Toshkent davlat stomatologiya institutiga xalqaro akrreditatsiya sertifikatini topshirishga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirda Sogʻliqni saqlash vaziri B.Musayev hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri A.Toshqulov ishtirok etdi.
Eslatib oʻtamiz, bugungi kunda Toshkent davlat stomatologiya instituti dunyodagi 20 dan ortiq rivojlangan mamlakatlarning 100 dan ortiq yetakchi xorijiy OTM va ilmiy markazlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan. Xalqaro sifat menejmenti — ISO 9001:20.15 sertifikati hamda Finlandiyaning JAMK universiteti bilan hamkorlikdagi “Tibbiyot va innovatsiyalar” ilmiy-amaliy jurnaliga ega.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.