“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan mazkur qaror ijrosini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Gazli hududida tabiiy gaz qazib chiqarish va uni qayta ishlash borasidagi ishlar tubdan oʻzgargani, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining tabiiy gazga boʻlgan ehtiyojini qondirish maqsadida bir qator loyihalar amalga oshirilgani bunga yaqqol misoldir.
Taʼkidlash kerakki, Romitan tumani olis choʻl massividagi Gazli shaharchasida, viloyat markazidan qariyb 100 kilometr uzoqlikda joylashgan “Gazlineftgazqazib chiqarish” gazni qayta ishlash zavodi 1980-yilda ishga tushirilgan. Uning propan-butan aralashmasini olish qurilmasi yiliga 4,5 milliard metr kub gazni qayta ishlab, 80 ming tonnagacha propan-butan aralashmasi hamda 37,5 ming tonna gaz kondensati ishlab chiqarishga moʻjallangan.
Hozirgi kungacha “Gazlineftgazqazibchiqarish” korxonasida faqatgina amin kimyoviy vositasi yordamida gazni oltingugurtdan tozalash qurilmalari orqali tozalangan gazlar toʻgʻridan-toʻgʻri “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyatining magistral gaz quvurlariga uzatilib kelinardi. Bugungi kunga kelib, zavodda gazni seolit yordamida quritish va tabiiy gaz tarkibidan propan-butan aralashmalarini ajratib olish qurilmalari ham barpo etildi.
Yana bir yangilik: kuni kecha mazkur zavoddagi propan-butan aralashmasi olish qurilmasining ikkinchi bosqichi muvaffaqiyatli ishlab chiqarishga joriy qilinib, suyultirilgan gaz mahsulotini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Buning uchun korxonaga zarur uskunalar esa Ukraina, Rossiya, Germaniya, AQSH va Chexiya davlatlaridan olib kelindi.
Masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “Gazlineftgazqazibchiqarish” korxonasi rahbari Abdulla Majidovning maʼlum qilishicha, qurilish-montaj va sinov ishlari “Oʻzbekneftgaz” AJ ning malakali mutaxassislari qatʼiy nazorati ostida, Bosh pudratchi – “Muborakneftgazmontaj” AJ tomonidan amalga oshirilgan.
— Yangi barpo etilgan loyihaga binoan gazni seolit yordamida quritish qurilmasi hamda propan-butan aralashmalarini olish qurilmalari zamon talablariga mos ravishda raqamlashtirildi, – deydi Abdulla Majidov. — Ushbu qurilmalarni ham qoʻlda, ham avtomatik boshqarish imkoniyati yaratildi. “Gazlineftgazqazibchiqarish” zavodida ushbu qurilmalarning ishga tushirilishi “Oʻztransgaz” AJ va isteʼmolchilarga gaz quvurlari orqali yetkazib berilayotgan gazning toza va sifatli boʻlishini taʼminlaydi. Bundan tashqari, propan-butan aralashmasi olish qurilmasining ishga tushirilishi natijasida respublika aholisiga qoʻshimcha yillik 80 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish imkoniyati vujudga kelmoqda.
Hozirda “Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatining Uglevodorodlar qazib chiqarish departamenti hamda boshqarma va zavodlar mutaxassislaridan iborat ishchi guruhi tomonidan ushbu zavodda ishlab chiqarish reja koʻrsatkichlarining bajarilishini taʼminlash uchun barcha zarur choralar koʻrilayotganini alohida taʼkidlash zarur. Chunki bu jarayonda yangi qurilmalarni ishlatish, ularni boshqarayotgan ishchi-xodimlar malakasini oshirishni nazorat qilish juda muhim ahamiyatga ega.
Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati