Biroq virusdan dori-darmonlar bilan xalos bo'lish mumkin. Illatlardan qutilish esa ancha qiyin. Chunki zararli odatlar ko'pincha insonda kuchli qaramlikni yuzaga keltiradi. Bugun yoshlar o'rtasida urf bo'lgan energetik ichimliklar haqida ham mutaxassislar xulosasi shunday. Tunuka idishdan simirilayotgan bunday mahsulotlar aslida quvvat emas, kulfat manbai ekanligini , afsuski, juda kech anglab etyapmiz.
Ma'lumotlarga ko'ra, “quvvatbaxsh” ichimliklar ilk bor 1960- yilda Yaponiyada dori vositasi sifatida yaratilgan. Keyinchalik Evropa va AQSHni “zabt etgach”, biznesmenlar bu mahsulotni ommalashtirish uchun tarkibiga bir qancha kimyoviy moddalarni qo'shgan. 2014- yilga kelib JSST o'smirlar o'rtasida energetik ichimliklar ko'p iste'mol qilinayotgani yuzasidan xavotirli bayonot bilan chiqdi. 2017- yilda esa AQSHda 16 yoshli o'smirning o'limiga ko'p miqdorda iste'mol qilingan energetik ichimlik sabab bo'lgani taxmin qilingan.
Hozir dunyoning qator davlatlarida bunday mahsulotlar sotuviga cheklovlar o'rnatilgan. Masalan, aksariyat mamlakatlarda 18 yoshga to'lmagan shaxslarga energetik ichimliklarni pullash man qilingan. Daniya, Turkiya, Norvegiya, Islandiya va AQSHning ayrim shtatlarida esa bunday mahsulotlar sotuvi butunlay taqiqlangan.
O'zbekistonda ham bu borada qonuniy cheklovlar amalda. Unga ko'ra, energetik ichimliklarning 18 yoshga to'lmagan shaxslarga realizatsiya qilinishiga yo'l qo'yilmaydi. SHuningdek, yurtimizda bunday mahsulotlarni 7:00 dan 22:00 ga qadar reklama qilish taqiqlangan.
Qolgan vaqtlarda ham reklama jarayonida bunday mahsulotlarni haddan ziyod ichishning zarari to'g'risidagi ogohlantirish, qolaversa, iste'mol qilish tavsiya etilmaydigan shaxslar haqidagi axborot mavjud bo'lishi kerak.
— Yuqori kontsentratsiyalangan energetik ichimliklarda ko'p miqdorda kofein, taurin moddalari bor, — deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi Bolalar, o'smirlar va ovqatlanish gigienasi kafedrasi professori, tibbiyot fanlari doktori Guli Shayxova. — Taurin – energetik jarayonni jadallashtiruvchi va nerv sistemasini rivojlantiruvchi modda. Uning inson organizmi uchun sutkalik me'yori – 400 mg. Ayrim energetiklar tarkibida esa bu modda 2 barobargacha oshiq bo'ladi va o'smirlar sog'ligiga salbiy ta'sir ko'rsatadi.
Xo'sh, quvvatbaxsh ichimliklar tarkibidagi kofein moddasining salomatligimizga ta'siri qanday? Mutaxassisning bu haqdagi fikrlari bilan keyingi qismda tanishasiz.
Sog'liqni saqlash vazirligi
matbuot xizmati.