Energetika sohasi rivojiga yirik xalqaro banklar mablagʻlari jalb etiladi

    Investitsiyalar 17 Iyul 2022 1144

    “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya Londondagi tashrifi davomida yirik xalqaro banklar rahbariyati bilan uchrashuvlar oʻtkazib, oʻzaro hamkorlik masalalarini muhokama qildi.

    Jumladan, Boshqaruv raisi boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari “Mizuho” va “JPMorgan Chase & Co.” xalqaro banklar rahbariyati bilan uchrashib koʻpgina moliyaviy masalalar yuzasidan fikr almashishdi.

    Uchrashuvlarda banklar vakillariga Jamiyatning umumiy faoliyati, mavjud transformatsiya jarayonlari hamda soʻnggi yillarda erishilgan natijalar haqida batafsil axborot berildi.

    Oʻtkazilgan uchrashuvlarda xorijiy banklar vakillari Oʻzbekiston Respublikasining neft-gaz va bank-moliya tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, jamiyatning bugungi kundagi faoliyati, amalga oshirilayotgan transformatsion loyihalar, shuningdek, soʻnggi yillarda erishilgan natijalar bilan tanishdilar.

    “Mizuho” xalqaro banki bilan uchrashuvda tomonlar “Oʻzbekneftgaz” AJ loyihalarini amalga oshirish va boshqa korporativ maqsadlar uchun oʻrta va uzoq muddatli moliyalashtirishni jalb etish imkoniyatini muhokama qildilar.

    Taʼkidlash joizki, bank vakillarida “Oʻzbekneftgaz” AJning umumiy qiymati 700 million dollar boʻlgan debyut yevroobligatsiyalarning muvaffaqiyatli chiqarilishi, shuningdek “Uzbekistan GTL” zavodi faoliyati hamda neft va gaz sohasidagi islohotlar mavzusida fikr almashishdi.

    “JPMorgan Chase & Co.” xalqaro banki vakillari bilan uchrashuvda esa tomonlar mart oyida boʻlib oʻtgan uchrashuv yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning hozirgi holati, shuningdek, Jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalarni qisqa va oʻrta muddatli moliyalashtirish, hamda turli korporativ xizmatlarni jalb etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

    Uchrashuv yakunida ushbu xalqaro banklar bilan doimiy aloqani saqlab qolish va zarur axborot almashish boʻyicha kelishuvga erishildi, shuningdek, hamkorlikning mavjud istiqbolli yoʻnalishlarini yanada oʻrganish kelishib olindi.

    “JPMorgan Chase & Co.” AQSHning yirik banklaridan biri hisoblanib, ushbu bank bilan hamkorlik qilish muhim hisoblanadi. Oʻzaro uchrashuvda tomonlar kasbiy tajriba almashishning istiqbolli yoʻnalishlarini, shu jumladan turli konferensiyalar va seminarlar orqali, amalga oshirilayotgan loyihalarni va kompaniyaning turli xil korporativ ehtiyojlarini qisqa muddatli moliyalashtirishni jalb etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

    Yuqorida qayd etilgan barcha banklar bilan doimiy aloqa va axborot almashinuvini taʼminlash boʻyicha kelishuvga erishildi, shuningdek hamkorlikning barcha istiqbolli yoʻnalishlarini ishlab chiqishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati