Oʻzbekistonda elektromobillarni quvvatlantirish uchun maxsus tariflar joriy etilishi kutilmoqda

    Oʻzbekistonda elektromobillarni aholi xonadonlarida quvvatlantirish uchun alohida tariflar joriy etish boʻyicha qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda.

    Bu haqda bugun, 2-yanvar kuni Energetika vazirligi xabar berdi.

    Maʼlum qilinishicha, isteʼmol koʻp boʻladigan ertalabki soat 6:00 dan 10:00 gacha hamda kechki soat 17:00 dan 22:00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida elektromobilni quvvatlantirganlik uchun nisbatan oshirilgan tarif, tungi vaqtda esa 50 foizgacha arzonlashtirilgan tarif qoʻllanishi moʻljallanmoqda.

    Tigʻiz vaqtlarda tarif necha foizgacha oshirilishiga aniqlik kiritilmagan.

    Energetika vazirligi bugun eʼlon qilgan videolavhada, vazir oʻrinbosari Umid Mamadaminov elektromobillarni zaryadlash stansiyalari elektrdan uzib qoʻyilgani boʻyicha izoh bergan.

    Uning soʻzlariga koʻra, dekabr oyining oʻrtalarida tegishli idoralar oʻtkazgan reyd chogʻida subisteʼmolchilar faoliyati belgilangan talablarga qanchalik mosligi oʻrganilgan.

    “Oʻrganish yakunlariga koʻra, shu kunning oʻzida bir qancha stansiyalar oʻchirilgan. Energetika vazirligining aralashuvidan soʻng, faoliyatida kamchilikka yoʻl qoʻymagan stansiyalar tarmoqqa qayta ulangan. Faqat texnik shartlar va boshqa majburiyatlarga doir muammolarga ega boʻlgan 11 dona stansiyaga hujjatlar bilan bogʻliq masalalarni hal qilib olgunga qadar qonunchilikda belgilangan oraliqda muddat belgilangan. Ayni paytgacha ular ham tarmoqqa ulangan boʻlib, bugun Toshkent shahrida oʻchirilgan bironta ham quvvantirish stansiyasi yoʻq”, – degan Mamadaminov.

    Vazir oʻrinbosarining soʻzlariga koʻra, subabonent sifatida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini oʻz hududiga ulagan barcha tadbirkorlik subyektlari hududiy elektr tarmoqlari filiallariga murojaat qilgan holda, oʻzlarining texnik shartlarini oʻzgartirishlari va yangi quvvatlarni belgilab olishlari kerak.

    Taʼkidlanishicha, Toshkent shahrida 500 dan ziyod quvvatlantirish stansiyalari ishlab turgan boʻlsa, ularning faqat 103 tasi texnik shartlarga ega. 2024-yil 1-noyabrigacha Oʻzbekistonga 5417 ta quvvatlantirish stansiyasi olib kirilgan va “shu yilning oʻzida ana shuncha texnik shart olinishi kerak boʻlgan”.

    “Bu holatda esa hududlarda yuklamaning ortishi, kuchlanishning pasayishi va boshqa isteʼmolchilarga elektr energiyasini yetkazib berishda uzilishlar yuzaga kelishi hech gap emas”, – deydi energetika vaziri oʻrinbosari.