Energetika vaziri Tatariston delegatsiyasi bilan muzokaralar oʻtkazdi

    Xalqaro hamkorlik 18 Iyun 2021 842

    Tatariston Respublikasi Prezidenti R.Minnixanovning 2021-yil 17-iyunda Oʻzbekistonga ishchi tashrifi doirasida Oʻzbekiston Energetika vaziri Alisher Sultanov Tatariston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – Savdo va sanoat vaziri Albert Karimov boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar oʻtkazdi.

    Tatariston delegatsiyasining tarkibiga Tatariston ishbilarmon doiralari vakillari, jumladan “UK “KER-Xolding” MCHJ, “KER-Generatsiya” MCHJ, “NTZ “TEM-PO” AJ, “Torgovыy dom “TEM”, “KMPO” GEJ AJ, “TESK” MCHJ, “PO YelAZ” AJ kirdi.

    Muzokaralar davomida tomonlar joriy yilning aprel oyida Toshkentda “INNOPROM” Xalqaro sanoat koʻrgazmasi doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuv davomida erishilgan kelishuvlar boʻyicha ish natijalari, shuningdek, Tatariston kompaniyalari tajribalari va sarmoyalarini jalb qilish orqali hamkorlikni yana-da kengaytirish imkoniyatlari muhokama qildilar.

    Shu bilan birga, Energetika vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi hududida gaz-kimyo mahsulotlarining kichik hajmlarda ishlab chiqarilishini tashkil etish boʻyicha toʻrtta loyihani amalga oshirishni taklif qildi.

    Muzokaralar natijasida tomonlar erishilgan kelishuvlar va ularni amalga oshirish uchun masʼul mutaxassislarni belgilagan holda bayonnoma imzoladilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.