Muzokaralar chogʻida chet el tomoniga yaqin yillarda Oʻzbekistonda “Yevro-5” sinfidagi avtomobil yoqilgʻisi, jumladan, benzin va dizel yoqilgʻisi ishlab chiqarishni rivojlantirish rejalari haqida maʼlumot berildi.
Xususan, 2021-yil dekabr oyida Oʻzbekistonda Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasining tozalangan metan asosida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarish boʻyicha GTL zavodi ishga tushirilgani, bu esa “Yevro-5” standarti talablariga javob beradigan dizel yoqilgʻisi ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada diversifikatsiya qilish va oshirish imkonini berishi taʼkidlandi. Korxonaning loyiha quvvati yiliga 307,3 ming tonna kerosin, 724,6 ming tonna dizel yoqilgʻisi, 437,3 ming tonna nafta, 53,4 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarishni tashkil etadi.
Bundan tashqari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish loyihasi amalga oshirilyapti, buning natijasida 2025-yildan boshlab 1,75 million tonna “Yevro-5” standartidagi neft mahsulotlarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Oʻzbekistonda elektromobillar ishlab chiqarish kabi yoʻnalishning rivojlanishi «Folksvagen Grup Rus» MCHJda katta qiziqish uygʻotdi. Hozirgi vaqtda Oʻzbekistonda elektromobillar olib kirishda aksiz soligʻi va bojxona toʻlovlari olinmaydi. Bir qator yoqilgʻi quyish shoxobchalari negizida elektromobillarga yoqilgʻi quyish shoxobchalari faoliyat koʻrsatyapti va bu yoʻnalishda xususiy tadbirkorlik subyektlari rivojlanib borayotgani qayd etildi.
Xorijiy delegatsiya aʼzolari Oʻzbekistonda 2030-yilga borib umumiy energetika balansidagi ulushi kamida 25 foizni tashkil etishi rejalashtirilgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari(QTEM)ni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdi. Bu yoʻnalishda 2021-yilda 100 MVt quvvatga ega birinchi quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi, ikkinchisi esa 2022-yilning mart oyida foydalanishga topshirilishi kutilyapti. 2024-yilda umumiy quvvati 2,2 GVt boʻlgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari obyektlarini, shuningdek, quvvati 326 MVt boʻlgan GESlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Uchrashuvda tomonlar qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdilar, istiqbolli takliflarni batafsil koʻrib chiqishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.