Energetika vazirligi BMTTD vakili bilan muzokaralar oʻtkazdi

    Energetika 2 Noyabr 2021 615

    Joriy yil 29-oktyabrda Energetika vazirligida BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska bilan muzokaralar oʻtkazildi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirining birinchi oʻrinbosari Azim Axmedxadjayev taʼkidlaganidek, BMT Taraqqiyot dasturi energiya samaradorligi va kam uglerodli ishlab chiqarish sohasida ilgʻor xalqaro tajribani taqdim etishda hamkorlik qilish uchun salmoqli salohiyatga ega.

    Shu munosabat bilan tomonlar turar-joy binolarining energiya auditini oʻtkazish, tegishli tahliliy va qonunchilik ishlari boʻyicha texnik hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildilar. Uy-joy fondini ilgʻor xorijiy tajribani hisobga olgan holda ekologik jihatdan yangilash uning energiya samaradorligini sezilarli darajada oshirishi mumkin. Bu esa zamonaviy energetikani rivojlantirishning dolzarb vazifalaridan biri hisoblanadi.

    Tomonlar, shuningdek, Oʻzbekistonning qishloq hududlarida tarmoq ichidagi quyosh tizimlarini sinovdan oʻtkazish va keyinchalik joriy etish boʻyicha meʼyoriy-huquqiy jihatlar va texnik imkoniyatlarni baholash boʻyicha hamkorlikdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

    Xususiy investorlar, yaʼni mustaqil energiya ishlab chiqaruvchilar tomonidan qurilgan quyosh va shamol elektr stansiyalarida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini umumiy tarmoqqa yetkazib berish boʻyicha meʼyoriy-huquqiy bazani ishlab chiqish va qabul qilish mamlakatimiz energetika xavfsizligini taʼminlashning dolzarb masalasidir. Bunday meʼyoriy-huquqiy bazani ishlab chiqishda ilgʻor xalqaro tajribani jalb etish, xususan, qayta tiklanuvchi energiya boʻyicha xalqaro agentlik (IRENA) bilan hamkorlikda ushbu ishlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.

    Tomonlar, shuningdek, jamoat transportida elektroavtobuslardan foydalanish istiqbollarini, bu boradagi ijtimoiy-iqtisodiy va atrof-muhitga taʼsirini baholash uchun modellashtirish boʻyicha hamkorlik qilish imkoniyatlarini hamda elektr energetika tarmogʻida yashil rivojlanishning afzalliklarini muhokama qildilar, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

    Muzokaralar chogʻida tomonlar 2022-yilda Nukus shahrida boʻlib oʻtadigan “yashil” energiya boʻyicha yuqori darajadagi xalqaro forumga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha oʻzaro hamkorlik istiqbollarini taqdim etdilar. Mazkur forumni BMT bilan hamkorlikda oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida bildirilgan edi.