Energetika vazirligi isteʼmolchilardan uzr soʻradi

    Energetika 15 Fevral 2023 1778

    Vodiy viloyatlarining ayrim hududlarida elektr taʼminotida uzilishlar kuzatilmoqda.

    Soʻnggi kunlarda vodiy viloyatlarining gaz quvurlarida bosimning meʼyordan pasayishi natijasida ayrim hududlardagi xonadonlarning tabiiy gaz taʼminotida uzilish kuzatilmoqda. Bu esa, oʻz navbatida isteʼmolchilarning elektr energiyasiga boʻlgan talabining keskin oshishiga sabab boʻlmoqda.

    Elektr energiyasini ishlab chiqarish va uning isteʼmoli oʻrtasidagi meʼyorni taʼminlash, xususan, energotizimda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan yirik avariyalarni oldini olish maqsadida vodiy viloyatlarining ayrim hududlarida elektr taʼminotida qisqa muddatli cheklovlar kiritishga majbur boʻlinmoqda.

    Shuningdek, elektr qurilmalarida yuklamaning ortishi natijasida ayrim hududlardagi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarida inson omilisiz oʻz-oʻzidan avtomatik ravishda uzilish holatlari kuzatilmoqda.

    Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida mutaxassislar tomonidan tegishli choralar koʻrilmoqda.

    Yuqoridagi holatlar tufayli keltirilayotgan noqulayliklar uchun isteʼmolchilardan uzr soʻraymiz, deyiladi Energetika vazirligi Matbuot xizmati axborotida.