Energetika vazirligi: “M-25” konida vaziyat barqaror va mutaxassislar nazorati ostida

    Ijtimoiy tarmoqlarda Boysun tumanida gaz sizib chiqishi bilan bogʻliq deb talqin qilinayotgan videolar yuzasidan Energetika vazirligi rasmiy xabar berdi.

    Bu holat “M-25” konining 202-son qudugʻida bir hafta oldin kuzatilgan geologik jarayon. Yaʼni, avvaldan yoqib qoʻyilgan olovning vaqtincha soʻnishi holati hisoblanadi.

    Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu holat kondagi geologik jarayon natijasida yuz bergan va qisqa vaqtda yana yoqib qoʻyilgan.

    Ayni paytda Boysundagi “M-25” konida vaziyat barqaror boʻlib, barcha jarayonlar mutaxassislar nazorati ostida amalga oshirilmoqda.

    Avval xabar berilganidek, havoga zararli moddalar tarqalishining oldini olish maqsadida gaz yoqib qoʻyilgan va bu usul atrof-muhit ifloslanishining oldini olishda qabul qilingan standart amaliyot hisoblanadi hamda xalqaro sanoat xavfsizligi talablariga toʻliq javob beradi.