“Oʻzgidromet” maʼlumotlariga koʻra, atmosfera havosi mayda chang zarrachalari bilan ifloslanishi natijasida, Energetika vazirligi mutaxassislari bunday kunlarda elektr uzatish tarmoqlarida toʻplanib qolgan mayda chang zarralari, shuningdek yogʻayotgan yomgʻirlar elektr taʼminotida qisqa muddatli uzilishlarni yuzaga keltirishi mumkinligi haqida ogohlantiradi.

Buning sababi shundaki, elektr uzatish tarmoqlari va transformator punktlari qurilmalarida choʻkkan chang va loy hamda kuchli yogʻingarchilik elektr qurilmalarida nosozliklarni keltirib chiqarib, elektr energiyasini uzatishda texnik muammolarga olib keladi.

Xususan, Toshkent, Samarqand, Qashqadaryo, Sirdaryo va Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahrining ayrim hududlarining elektr taʼminotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin.

Hozirda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida joylarda maxsus brigadalar shay holatga keltirilgan.

Shu oʻrinda isteʼmolchilardan elektr taʼminoti masalalari boʻyicha hududiy elektr taʼminoti korxonalariga xabar berishlarini soʻraymiz.

Keltirilgan noqulayliklar uchun isteʼmolchilardan uzr soʻraymiz, — deyiladi Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi matbuot xizmati rasmiy bayonotida.