Uchrashuvda Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar hamda yuqori darajada tashkillashtirilgan davlat tashrifi natijalari alohida taʼkidlab oʻtildi. Shuningdek, Fransiya kompaniyalari ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihalarning joriy holati muhokama etildi. Xususan:

- EDF kompaniyasi bilan hamkorlikda Sirdaryo IES, Qambarota va Chotqol GESlari loyihalari doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek bino va inshootlar tomlariga quyosh batareyalarini oʻrnatish;

- “Total Eren” kompaniyasi tomonidan 2022-yil may oyida Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt boʻlgan quyosh elektr stansiyasi muvaffaqiyatli ishga tushirilganligi, shuningdek Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida qurilishi rejalashtirilgan yangi stansiyalarga qiziqish bildirayotganligi;

- “Voltalia” kompaniyasi Xorazm viloyatida quyosh fotoelektr stansiyasi qurish loyihasi tenderida gʻolib boʻlib, hamkorlik aloqalarini boshqa yoʻnalishlarda ham kengaytirish yuzasidan amaliy ishlarni olib borayotganligi qayd etildi.

Uchrashuv davomida tomonlar “Technip Energies” kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildilar. Tomonlar nafaqat gaz uzatish tizimini modernizatsiya qilish sohasida, balki yoqilgʻi-energetika kompleksining boshqa yoʻnalishlarida ham loyihalash xizmatlarini koʻrsatuvchi qoʻshma korxona tashkil etish maqsadga muvofiqligini qayd etdilar.

Tomonlar atom energetikasi sohasidagi hamkorlik imkoniyatlarini ham muhokama etib, Framatome va Assystem kompaniyalarining qiziqishlarini taʼkidlab oʻtdilar.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha xorijiy tomonga Voltalia kompaniyasi tomonidan Agrovoltaika sohasida loyihani amalga oshirish va Assystem bilan smart-grid tizimini joriy etish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlarini koʻrib chiqish taklif etildi, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.